"Kichkintoyim, joying jannatdan bo‘lsin"
Toshkent shahri Uchtepa tumanida yuk mashinasi 3 yoshli bog‘cha bolasini bosib ketdi. Mamlakat yo‘llarida vafot etayotgan bolalar bilan tasavvur qilishning o‘zida og‘ir bo‘lgan raqamlar hosil bo‘lmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

"Hech bir ota-ona, bolam deb yig‘lamasin ekan bu dunyoda", deb tarmoqdagi sahifasiga yozadi marhum bolaning otasi. Toshkent shahri Uchtepa tumanida yuk mashinasi 3 yoshli bog‘cha bolasini bosib ketdi. Bu haqda "Millar" dasturida ma’lum qilindi. Avtomobil yo‘llarimizdagi bunday "dahshatlar" soni, afsuski, kamaymayapti. Birgina misol, 2023-yilning dekabr oyining o‘zida 202 nafar fuqaro yo‘llarda vafot etgan. Bir oylik natija uchun bu qo‘rqinchili natija emasmi?
3 yoshli bola vafot etgan
Qayd etilishicha, Toshkent shahar IIBB Navbatchilik qismiga Uchtepa tumani Ko‘kcha darvoza ko‘chasida yo‘l-transport hodisasi yuz bergani haqida xabar kelib tushgan. Unga ko‘ra, yuk mashinasi haydovchisi xususiy bog‘cha qarshisidan harakatlanib ketayotgan vaqtida 2021 yilda tug‘ilgan piyodani urib yuborib, YTH sodir etgan. Oqibatda 3 yoshli bola olgan tan jarohatlari sabab vafot etgan. Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati rahbari Qahramon Xudoyberganovning ma’lum qilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan poytaxt IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Bu shunchaki raqamlar, har bir raqam ortida...
Qayd etilishicha, 2023-yilda jami 16 mln. dan ortiq qoidabuzarlik qayd etilgan, jumladan, 13 mln. dan ko‘p qo‘pol qoidabuzarlik, 42 mingga yaqin transport vositasini mast holda boshqarish, 300 mingdan ortiq piyodalar qoidabuzarligi qayd etilgan. Shunga monand o‘tgan yil davomida respublikada 9839 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 9209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2282 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Bolalar bilan bog‘liq 1794 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 1568 nafar bola jarohatlangan va 263 nafar bola halok bo‘lgan. Bu shunchaki raqamlar. Har bir raqam ortida bir oilaning har bir a’zosida to o‘limga qadar yetgulik psixologik jarohati ham yotibdi. 1568 nafar jarohatlangan bolalarning ham qanchasi aravachalar yoki to‘shakka mihlanib qolganini tasavvur qilishning o‘zida og‘ir. Ma’lumot uchun, maqola sarlavhasidagi "Kichkintoyim, joying jannatdan bo‘lsin", deb yozilgan so‘zlarni ham marhum bolaning otasi tarmoqqa joylagan.



