$
 12170.67
20.83
 14048.60
44.69
 152.30
1.2
weather
+26
Кечаси   +14°

Yo‘l haqini naqd pul ko‘rinishida berganlar endi 37 500 so‘m jarimaga tortiladi

avtobus

1-yanvardan boshlab Toshkent shahridagi barcha avtobuslarda yo‘lkira to‘lovlarini faqat transport yoki mobil ilova orqali amalga oshirish tartibi joriy etildi. Endilikda naqd pulda to‘lov qilish mumkin emas. Bu tartib poytaxt transport tizimini zamonaviylashtirish va naqd pul muomalasini kamaytirishga qaratilgan. Ushbu o‘zgarishlar yuzasidan Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi va Transport nazorati inspeksiyasi vakillari ma’lumot berdi.

QR-chiptalar joriy etildi

Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Allayor Norbo‘tayevning so‘zlariga ko‘ra, naqd pul orqali to‘lovlar bekor qilinishi bilan chiptachilar faoliyatidan voz kechildi. “Poytaxtimizda 2644 ta avtobekat mavjud bo‘lib, ularning yonida 5500 ta QR-chiptalar olish uchun shoxobchalar o‘rnatilgan. Shuningdek, infokiosklardan foydalanib, bir martalik QR-chiptalarni sotib olish imkoniyati yaratildi. Bu chiptalar orqali yo‘l haqi 3000 so‘mni tashkil etadi, mobil ilova yoki ‘ATTO’ kartasi orqali esa 1700 so‘mga tushadi,” — deya ma’lum qildi Norbo‘tayev.

Barcha QR-chiptalar qatnov oxirigacha saqlanishi kerak. Shuningdek, barcha avtobuslarda “ATTO” kartasi va QR-chiptalarni o‘qish uchun maxsus skanerlar o‘rnatilgan.

Naqd to‘lovga jarima belgilanadi

Transport nazorati inspeksiyasi Toshkent shahar bo‘limi inspektori Salimjon Nishonboyevning ma’lum qilishicha, naqd pul orqali to‘lov qilish holatlari qat’iy nazorat qilinadi. “Haydovchilar yo‘lovchilardan naqd pul qabul qilmasligi kerak. Agar bunday holat qayd etilsa, avval ogohlantirish beriladi. Qoidabuzarlik davom etsa, yo‘lovchi ham, haydovchi ham ma’muriy javobgarlikka tortiladi,” — dedi Nishonboyev.

Yo‘lovchi naqd to‘lov qilgan taqdirda, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi asosida bazaviy hisoblash miqdorining o‘ndan bir qismi (37 500 so‘m) miqdorida jarima belgilanadi. Barcha avtobuslarga nazorat kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, qoidabuzarliklar avtomatik ravishda qayd etiladi.

Qulaylik uchun shoxobchalar va ilovalar

Shahar transport tizimi tomonidan yo‘lovchilarning ehtiyojlarini qondirish uchun maxsus infokiosklar va shoxobchalar joriy etilgan. QR-chiptalar yo‘lkira to‘lash uchun qulay yechim sifatida taklif etilmoqda.

Dinamik va zamonaviy transport tizimini rivojlantirish maqsadida yo‘lovchilar faqat qonuniy va rasmiy tartibda to‘lovlarni amalga oshirishga chaqirilmoqda. “Barcha yangi tizimlar yo‘lovchilarga qulaylik yaratish va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan,” deyiladi rasmiy xabarda.

Теги :
Jamiyat