Dahshatli jekpot yoxud ishdan chiqqan attraksion
Anhor Lokomotiv parkida attraksion to‘xtab qoldi mazmunida xabarlar tarqaldi. Park xodimi esa buni go‘yoki aksiya deb tushuntirgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Bu rostdan ham uyushtirilgan holatmidi yoki park xodimi vaziyatdan shunday chiqib ketishga urindimi?
To‘xtab qolgan attraksion
Anhor Lokomotiv parkida attraksion to‘xtab qolishi natijasida odamlar 15 metr balandlikda 10 daqiqadan ko‘proq vaqt davomida qolib ketishgan.
Voqea guvohlari bunga attraksiondagi buzilish sabab bo‘lganligini aytishgan.
Aksiya yoki vaziyatdan chiqish?
Bu holat haqida attraksionni ishlatuvchilardan biri umuman boshqacha mazmunda tushuntirgan.
Uning gaplariga qaraganda, bu shunchaki aksiya bo‘lib, karusellar ataylab bir haftada bir marta taymer orqali 3 daqiqaga odamlarni adrenalin bilan boyitish uchun to‘xtab qolishini va attraksion qachon to‘xtashini o‘zlari ham bilmasliklarini bildirgan.
Eng qiziqarlisi, kim bunday aksiyaning ishtirokchisiga aylansa 100 ming so‘mdan pul mukofoti olishini e’lon qilgan.
Ushbu holat soat 20:10 lar atrofida sodir bo‘lganiga qaramay, attraksion 20:40 da ham ishlamaganligi aytilmoqda.
Energetika vazirligi munosabati
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoxabarlarda attraksionning to‘xtashiga elektr ta’minotida uzilish sabab bo‘lgani aytilgan.
Bunga nisbatan Energetika vazirligi: "Attraksionning to‘xtashiga tashqi elektr ta’minoti sabab bo‘lmagan, ya’ni hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga qarashli tarmoqda nosozlik yoki boshqa sabab bilan uzilish bo‘lmagan. Parkka uzluksiz ravishda elektr energiyasi yetkazib berilgan.
Videodan ham ko‘rinib turibdiki, parkda elektr energiyasi mavjud. Attraksion to‘xtashiga tashqi elektr ta’minotining mutlaqo aloqasi yo‘q",-deya munosabat bildirgan.



