$
 11778.45
5.5
€
 13198.93
-25.62
₽
 138.35
-2.79
weather
+26
Кечаси   +14°

64 nafar o‘zbekistonlikdan faqat uch kishi tirik qolgan: Rossiya armiyasidan qochgan qashqadaryolik erkak sudlandi

armiya

Rossiya armiyasi safida Ukrainadagi urush uchun harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan qashqadaryolik erkak A.N. poligondan qochib, O‘zbekistonga qaytgan. Uning aytishicha, mashg‘ulotlarda u bilan birga yana 63 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan. Keyinchalik ularning barchasi urushda halok bo‘lganini, A.N. esa yana ikki kishi bilan birga qochgani sabab tirik qolganini aytgan.

Bosim tufayli urushga borishga rozi bo‘lgan

Qashqadaryolik A.N. 2022-yilda ishlash maqsadida Rossiyaga borgan. U dastlab Sankt-Peterburgda, keyin Moskvada qurilish sohasida ishlagan. Telegram orqali Suxrob ismli shaxs bilan tanishgan. A.N. uning topshirig‘i asosida psixotrop moddalarni yashirilgan joylardan olib, boshqa shaxslarga yetkazib bergan. 2023-yil yanvarida navbatdagi topshiriqni bajarayotgan paytda A.N. Rossiyaning giyohvandlik vositalariga qarshi kurashuvchi organlari tomonidan qo‘lga olingan. 2023-yil aprelida Rossiya sudi uni Jinoyat kodeksining 228-moddasi 4-qismi bo‘yicha aybdor deb topib, 7 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. U jazoni Tambovdagi 5-sonli koloniyada o‘tay boshlagan.

A.N. sudga bergan ko‘rsatmasida koloniyadagi mahkumlarga muntazam bosim o‘tkazilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahkumlar ba’zan sababsiz karserga joylashtirilgan, og‘ir jismoniy mashqlar bajarishga majburlangan. Shuningdek, Rossiya-Ukraina urushida qatnashishga rozi bo‘lgan mahkumlarga bosimlar to‘xtatilishi aytilgan. 

2025-yil sentyabr oyining boshida u Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan. Oradan yetti kun o‘tib, uni koloniyadan Rossiya-Ukraina chegarasi yaqinidagi harbiy poligonga olib ketishgan. A.N.ga harbiy kiyim va AK-74 avtomati berilgan. U 30 kun davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan.

Poligondan uch kishi qochgan

2025-yil oktyabr oyi oxirida A.N. Alisher ismli o‘zbekistonlik va Bek ismli tojikistonlik bilan birga poligondan qochgan. Keyinchalik Moskvaga borib, qisqa muddat qurilishda ishlagan. Xorijga chiqish pasporti bo‘lmagani sababli O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilgan. Biroq hujjat tayyor bo‘lishini kutmasdan, tanishlari orqali qalbaki guvohnoma olgan. 2025-yil 1-noyabrda u Novosibirskda qo‘lga olingan. Keyinchalik aeroportda uning Vatanga qaytish guvohnomasi qalbaki ekani aniqlangan. A.N. 2026-yil mayigacha Novosibirskda vaqtincha saqlanganidan so‘ng, O‘zbekistonning Novosibirskdagi diplomatik vakolatxonasi unga Vatanga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirgan va O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.

A.N.ning suddagi bayonotlaridan biri poligondagi o‘zbekistonliklar haqida bo‘lgan. Harbiy mashg‘ulotlarda jami 64 nafar o‘zbekistonlik qatnashgan va ulardan faqat uch kishi poligondan qochishga muvaffaq bo‘lgan. A.N. keyinchalik qolgan o‘zbekistonliklarning urushda halok bo‘lganini bilganini bildirgan.

Yakuniy hukm o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudi A.N.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bo‘yicha aybli deb topgan. Sud Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, unga 4 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan.

Unga:

- ish yoki o‘qishdan tashqari vaqtda uyidan chiqmaslik;

- ish yoki o‘qish joyiga borish va qaytish uchun zarur vaqt bundan mustasno bo‘lishi;

- restoran, kafe, bar, klub va diskotekalarga bormaslik kabi cheklovlar belgilangan.

Теги :
Jamiyat