$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Tramp “taxt”ga qaytgach O‘zbekiston AQSh bilan munosabatlarni mustahkamlamoqchi

Tramp

Joriy yilda O‘zbekiston AQShning yangi ma’muriyati bilan hamkorlikni faollashtirish, mamlakatlarning strategik sherikligini chuqurlashtirish va ikki prezident uchrashuvini tashkil qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 2025-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasida belgilangan.

Davlat dasturi loyihasida belgilangan AQSh bilan bog‘liq rejalar

AQSh bilan o‘zaro hamkorlik siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratiladi. Dastur doirasida kengaytirilgan strategik muloqotning birinchi bosqichi Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston Markaziy Osiyo va AQShni birlashtirayotgan C5+1 formatida ham faol ishtirok etish niyatida. Bundan tashqari, savdo va sarmoyaviy hamkorlikni faollashtirish rejalashtirilgan. Biznes forumlar, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlar orqali O‘zbekiston Amerika va boshqa mamlakatlardan investorlarni jalb etishga umid qilmoqda.

Kanadada konsullik ochish rejalashtirilmoqda

Yuqorida keltirilgan loyihalardan tashqari mamlakatning 2025-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Kanada, Braziliya va Amerika qit’asining boshqa davlatlari bilan ham hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirishni rejalashtirmoqda. Ushbu jarayon doirasida Kanadada O‘zbekistonning Bosh konsulligini ochish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.

Markaziy Osiyo va AQSh 

Ortda qolgan yil yakunida Amerikaning Responsible Statecraft tahlil markazi AQSh saylangan prezidenti Donald Trampni ikkinchi muddati boshlanishida Markaziy Osiyoga e’tiborini qaratishga chaqirgan edi. Tahlilchilarga ko‘ra, AQSh Rossiya va Xitoy faol bo‘lgan mintaqa bilan hali mustahkam aloqalar o‘rnatmagan. Markaziy Osiyoda katta resurslar va strategik ahamiyatga ega transport yo‘laklari mavjud. Trampning ramziy tashrifi Vashingtonning mintaqadagi mavqeini mustahkamlash yo‘lidagi qadam bo‘lishi mumkin, bu esa global ta’minot zanjirlari va energiya almashinuviga ta’sir qiladi. Ular Prezident Tramp uchun birinchi qadam Markaziy Osiyoga tashrif buyurish bo‘lishi kerakligini ta'kidlashadi. 

Ma'lumot uchun, 2018-yilning 15—17-may kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga birinchi rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tadi va uning yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi davri boshlangani haqida qo‘shma bayonot qabul qilinadi.

Теги :
Jamiyat