$
 12097.33
-31.13
 14233.72
-70.59
 160.53
1.49
weather
+26
Кечаси   +14°

Tim Kuk Apple’ni tark etmoqda: 15 yillik boshqaruv kompaniyaga nima berdi?

apple

Apple kompaniyasining rasmiy bayonotiga ko‘ra, bosh direktor Tim Kuk sentabr oyida so‘nggi 15 yil davomida egallab kelgan o‘z lavozimini tark etib, direktorlar kengashi ijrochi raisi lavozimiga o‘tadi. Uning o‘rnini kompaniyaning apparat ta’minoti bo‘yicha katta vitse-prezidenti Jon Ternus egallaydi. Xo‘sh, so‘nggi 15 yil davomida dunyoning eng yirik texnologik gigantini boshqargan Tim Kuk kompaniya tarixida qanday iz qoldirdi?

Tim Kuk kim edi va Jobs nega aynan uni tanlagan?

Tim Kuk 1960-yilda Alabama shtatida tug‘ilgan bo‘lib, yoshligidan o‘zining tirishqoqligi bilan ajralib turgan. U Auburn universitetida muhandislik, so‘ngra Duke universitetida biznes boshqaruvi (MBA) bo‘yicha tahsil olgan. Apple’ga 37 yoshida operatsiyalar bo‘yicha rahbar bo‘lib kelgan.

Stiv Jobs o‘z vafotidan taxminan 6 hafta oldin aynan Kukni o‘zining davomchisi sifatida tanlagan edi. Buning sababi, Jobsning xastaligi tufayli ular 2000-yillarning o‘rtalaridan boshlab juda yaqin hamkorlik qila boshlagan va Kuk 2004 hamda 2009-yillarda vaqtinchalik rahbar vazifasini muvaffaqiyatli bajargan edi. Jobs innovatsion mahsulotlar yaratishda tengsiz bo‘lsa, Kuk operatsion va logistika masalalarini boshqarishda benazir mutaxassis hisoblangan.

Kuk davridagi raqamlar va innovatsiyalar

Tim Kuk rahbarligi ostida Apple ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan moliyaviy cho‘qqilarga chiqdi. 2011-yilda kompaniya qiymati 400 milliard dollardan kam bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib bu ko‘rsatkich 3,86 trillion dollarga yetdi. Kompaniya aksiyalari taxminan 1000 foizga o‘sdi. Birgina 2024-yilgi moliyaviy natijalarga ko‘ra, Apple 93,7 milliard dollar sof foyda ko‘rgan, ya'ni kompaniya har soniyada qariyb 2 971 dollar ishlab topgan.

Kukning eng yirik yutuqlaridan biri ishlab chiqarish va ta'minot zanjirini inqilobiy tarzda o‘zgartirgani bo‘ldi. U “just-in-time” (JIT) tizimini joriy qilib, omborxonalarda mahsulot saqlash vaqtini oylardan atigi 5 kunga qisqartirdi va foyda darajasini keskin oshirdi.

Texnologik jihatdan ham jiddiy qadamlar tashlandi. Kompaniya 15 yillik Intel protsessorlaridan voz kechib, o‘zining M1 chiplariga o‘tdi. Bu chiplar qurilmalarning ishlash tezligi va batareya quvvatini oshirish bilan birga, faqat 2020-yilning o‘zidayoq kompaniyaga qariyb 2,5 milliard dollar tejab qolish imkonini berdi. Shuningdek, Apple Watch va AirPods kabi yangi gadjetlar, iCloud va Apple Music kabi ulkan xizmatlar ekotizimi aynan uning davrida yaratildi.

Bahsli holatlar va tanqidlar

Har qanday muvaffaqiyatning ko‘lankasi bo‘lganidek, Tim Kuk davri ham tanqid va ziddiyatlardan xoli bo‘lmadi. Eng katta bahslar foydalanuvchilar maxfiyligi atrofida yuz berdi. Garchi Kuk maxfiylikni inson huquqi deb atasa-da, Apple qurilma ichidagi kontentni bevosita tekshiruvchi algoritmlarni joriy etishi (bolalar himoyasi iddao qilingan bo‘lsa ham) jiddiy shubha va xavotirlarga sabab bo‘ldi.

Yana bir jiddiy muammo — monopoliyaga oid ayblovlardir. Apple o‘zining ilovalar do‘konidagi (App Store) xaridlar uchun 30 foizlik qat'iy komissiya undirgani sababli keskin tanqidga uchradi va AQSh Kongressida javob berishga majbur bo‘ldi. Ushbu holat ortidan 2021-yilda “Epic Games” kompaniyasi adolatli raqobatni talab qilib Apple’ni sudga berishi texnologiya olamida yirik shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

Estafeta qabuli: Jon Ternus kim?

Sentabr oyidan boshlab Apple boshqaruv rulini egallaydigan Jon Ternus kompaniya uchun tasodifiy inson emas. U kompaniyada salkam 25 yillik tajribaga ega bo‘lib, 2001-yildan buyon mahsulot dizayni va apparat ishlab chiqish bo‘limlarida ishlagan. 2021-yildan beri katta vitse-prezident lavozimida faoliyat yuritayotgan Ternus o‘z rahbarligida AirPods, iPad, iPhone, Mac va Apple Watch kabi yirik mahsulotlarning yangi avlodlarini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etgan. Endilikda aynan u texnologiya gigantining kelajakdagi yo‘nalishini belgilab beradi.

Теги :
Jamiyat