Anomal issiq sabab poyezdlar harakatiga cheklovlar oʻrnatilmoqda
Shuningdek, sovitish tizimining ishlash quvvati ham pasayishi mumkin.
1 daqiqa o‘qiladi

«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» yo‘lovchilar va poyezdlar harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida poyezdlar harakat tezligiga cheklovlar o‘rnatilishini ma’lum qildi.
Yuqori harorat sabab
Ta’kidlanishicha, havo harorati ko‘tarilishi natijasida yerusti temiryo‘llarining relslari hamda ularning po‘lat qismlarida harorat juda yuqori bo‘ladi. Shu bois poyezdlar harakat tezligiga cheklovlar o‘rnatiladi. Buning natijasida poyezdlar harakat jadvalidan kechikib harakatlanishi mumkin.
Sovitish tizimida nosozliklar kuzatiladi
Bundan tashqari, harakat tezligiga cheklovlar o‘rnatilgan poyezdlarda sovitish tizimining ishlash quvvati pasayishi mumkin. Kompaniya ob-havo sharoiti tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.
Metropoliten sovitish tizimida ham muammolar uchrab turibdi
Kuni kecha metropolitenda sovitish tizimidagi nosozliklar yuzasidan shikoyatlar kelib tushayotgani, bu muammo ustida rossiyalik mutaxassislar tekshiruvlar olib borayotgani toʻgʻrisida xabar berilgandi. Ma’lumot uchun, Oʻzbekistonda iyul va avgust oyi boshlarida gʻayritabiiy (anomal) issiq bo‘lishi haqida prognozlar e’lon qilingandi.



