Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 85 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +13° kechasi +9°
Читать на русском

Avvalroq Google, keyin Microsoft. Navbat Amazon’ga

Amazon kompaniyasi yadroviy energetikaga 500 million dollar sarmoya kiritdi. Nima uchun yirik kompaniyalar, xususan, Google, Microsoft va Amazon yadroviy reaktorlar ishlab chiqarishga sarmoya kiritmoqda?

2 daqiqa o‘qiladi

Avvalroq Google, keyin Microsoft. Navbat Amazon’ga

Amazon kompaniyasi kichik modulli yadroviy reaktorlar ishlab chiqaruvchi X-energy startapiga eng ko‘p — 500 mln. dollar sarmoya kiritdi, deb yozmoqda Financial Times nashri.

Startapda Amazonning ulushi noma’lum

Loyihada Amazon qatorida moliyachi Ken Griffin, Ares va NGP investitsiya jamg‘armalari, Michigan universiteti qatnashmoqda. Startapda Amazon qancha ulushga egaligi aytilmagan, biroq X-energy direktorlar kengashidagi ikkita joy uning uchun ajratilgani ma’lum.

“Bu texnologiya 2040-yilda ekologiyaga zarar yetkazishni nulga tushirish ko‘zlangan maqsadimizga erishish imkonini beradi”, — dedi Amazon kompaniyasining global data-markazlar vitse-prezidenti Kevin Miller.

Amazon SMR loyihalarini qo‘llashni allaqachon boshlab yuborgan

Hamkorlik ko‘lami juda katta — X-energy 2039-yilgacha jami quvvati 5 Gvt bo‘lgan kichik modulli yadroviy reaktorlar (SMR) quradi, bu 4 millionta uyni elektr bilan ta’minlash uchun yetarli. Amazon Vashington va Virjiniyadagi SMR loyihalarini qo‘llashni allaqachon boshlab yuborgan.

Google va Mircosoft buyurtmasi

Yirik texnologiya kompaniyalari, energiyani ko‘p talab qiluvchi ma’lumotlarni ishlash markazlari ko‘payishi ortidan, yadroviy energetikaga tobora faol sarmoya kiritmoqda. Avvalroq Google kompaniyasi Kairos Power startapiga 6-7 ta yadroviy mini reaktor qurishga buyurtma bergandi. Microsoft esa Pesilvaniyada to‘xtatib qo‘yilgan Three Mile Island atom elektr stansiyasini yana ishga tushirish harakatida.

Bundan ko‘zlangan maqsad nima?

Yirik kompaniyalar, xususan, Google, Microsoft va Amazon, yadroviy reaktorlar ishlab chiqarishga sarmoya kiritayotganining bir necha asosiy sabablari bor. Bulardan biri energiya ehtiyojlarini qondirishdir. Ushbu kompaniyalar katta miqdorda energiya talab qiladigan ulkan ma’lumot markazlarini boshqaradi. Yadroviy energiya ularga barqaror va katta miqdorda elektr energiyasi taqdim etishi mumkin. Yadroviy reaktorlar ko‘p miqdorda energiya ishlab chiqarishga qodir, bu esa ularga texnologik infratuzilmani qo‘llab-quvvatlash uchun zarur resurslarni beradi.

Shuningdek, ko‘pgina kompaniyalar atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga harakat qilmoqda va uglerod neytralligiga erishishni maqsad qilib qo‘ygan. Yadroviy energiya toza energiya manbai bo‘lib, u atmosferaga zararli karbonat angidrid chiqarmaydi. Bu kompaniyalar uchun ekologik jihatdan mas’uliyatli sarmoya hisoblanadi.

Mustaqil energiya

Yadroviy texnologiyalar energiya ishlab chiqarishning yangi usullarini o‘rganish imkonini beradi, masalan, kichik modulli reaktorlar (SMR) yoki hatto yadroviy sintez texnologiyalari. Bu innovatsion yechimlar ko‘proq xavfsizlik, iqtisodiy samaradorlik va ekologik afzalliklarni taklif qilishi mumkin.

O‘z yadroviy reaktorlariga ega bo‘lish kompaniyalarga energiya ta’minoti bo‘yicha mustaqillik beradi. Bu global energetika bozorlari yoki siyosiy vaziyatlardan kamroq ta’sirlanishga yordam beradi. Yadroviy energiyaga sarmoya kiritish orqali bu kompaniyalar davlat bilan hamkorlikni kuchaytirishi, energetika sohasida yetakchi rol o‘ynashi va turli imtiyoz va moliyaviy yordam olishi mumkin.