2,5 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi aliment to‘lamagani uchun javobgarlikka tortildi
Ularning aksariyati ma'muriy qamoqqa olingan.
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, 2024-yilning birinchi choragida 2,5 mingdan ortiq shaxs aliment to‘lamaganligi uchun javobgarlikka tortilgan.
35 nafar fuqaro jarimaga tortilib, 2558 nafari maʼmuriy qamoqqa olingan
Maʼlumotlarga koʻra, 2593 nafar fuqaro Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-4-moddasi (voyaga yetmaganlarni yoki nogironlarni boqishdan boʻyin tovlash) bilan javobgarlikka tortilgan.
Ulardan 35 nafari jarimaga tortilgan, 2558 nafari maʼmuriy qamoqqa olingan, deyiladi xabarda.
Maʼlumot uchun 2024-yil yanvar fevral oylarida 22 ming fuqaroning chet elga chiqishi sud qarorlariga asosan cheklanib, ularning 6 817 nafarini aliment to‘lovchilar tashkil etgan.
2023-yildagi koʻrsatkichlar
Oliy sud 2023-yilda tegishli modda bo‘yicha 8517 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilganini qayd etdi. Ulardan 160 nafari jarimaga tortilgan, 8357 nafari qamoqqa olingan.
Shuningdek, 2023-yilda sud hujjatlariga asosan jami 142 800 nafardan ortiq (shundan 51 mingga yaqin aliment to‘lovchi) qarzdorlarning respublikadan chiqish huquqlari vaqtincha cheklangan.
Alimentlarni oʻz vaqtida toʻlamagan shaxslarga beriladigan jazo
2023-yilning aprel oyida voyaga yetmagan farzandining ta’minoti uchun alimentlarni o‘z vaqtida to‘lamagan shaxslarga 15 sutka qamoq yoki bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari, ya’ni 6 mln jarima jazolari qatoriga 120 soatgacha haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish jazosi ham qo‘shildi.
Bunda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etiladigan shaxslar ish haqining 50 foizi aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzni to‘lashga yo‘naltiriladi.



