Farg‘onada 10 yildan beri aliment to’lamagan ota ushlandi
Qarzdor aliment to‘lovlaridan bo‘yin tovlab qochib yurganligi sababli unga nisbatan 2022-yilning yanvar oyida qidiruv e’lon qilingan.
1 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada 10 yil davomida farzandiga aliment to‘lashdan qochib yurgan ota qo‘lga tushdi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi Farg‘ona viloyati boshqarmasi xabar berdi.
2 nafar farzandning moddiy ta’minoti uchun aliment undirish
Qayd etilishicha, Majburiy ijro byurosi Farg‘ona shahar bo‘limi ish yurituvidagi ijro hujjatiga ko‘ra, Farg‘ona shahrida yashovchi A.T.dan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining 2018-yil may oyidagi sud buyrug‘iga asosan ikki nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirilishi belgilangan.
2022-yilda qidiruvga berilgan
Mazkur ijro hujjati yuzasidan qarzdor ota aliment to‘lovlaridan bo‘yin tovlab qochib yurganligi sababli unga nisbatan 2022-yilning yanvar oyida qidiruv e’lon qilingan.
Qarzdor ota Rossiyaga qochgan
Olib borilgan tezkor qidiruv ishlariga ko‘ra, qarzdor ota 2014-yil fevral oyida Rossiya davlatiga chiqib ketgani aniqlangan.
Erkak joriy yilning iyun oyida qo’lga olindi
2024-yil iyun oyida Rossiya davlatidan qaytgan qarzdor ota Farg‘ona shahridan topilib, davlat ijrochisiga topshirildi.
“Qarzdorga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-4-moddasiga(voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash) asosan qonuniy chora ko‘rilmoqda”, deyiladi xabarda.



