Toshkentda otasi tomonidan olib ketib qolingan 12 yoshli qiz onasiga qaytarildi
Ota farzandi bilan uchrashishga kelib, uni uyiga olib ketganicha onasiga qaytarib olib kelmagan.
1 daqiqa o‘qiladi

So‘nggi paytlarda ajrashgan oilalarda farzandlarni ko‘rish jarayonida turli xil muammoli vaziyatlar vujudga kelmoqda. Ayniqsa, bu ko‘pincha ota taraf bilan yuz bermoqda.
Ijro xati
Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi Yangihayot tuman bo‘limi ish yurituviga sudning ijro varaqasiga asosan, qarzdor I.S.dan undiruvchi I.N. foydasiga voyaga yetmagan 2012-yilda tug‘ilgan farzandini olib berish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgan.
Ma’lum qilinishicha, oila ma’lum sabablarga ko‘ra ajrashgan bo‘lib ota o‘z farzandini sudning qarorida belgilangan vaqtda ko‘rib turgan, lekin 2023-yilning avgust oyida farzandi bilan uchrashishga kelib, uni uyiga olib ketganicha onasiga qaytarib olib kelmagan.
Ota xatosini tushunib yetgan
Shundan so‘ng, sudning qarorini ta’minlamagan otaga nisbatan MIBning Yangihayot tuman bo‘limi tomonidan majburiy ijro harakatlariga kirishilib, qarzdor otadan majburiyatnoma olingan. Shundan so‘ng ham sud hujjatining ijrosi ta’minlanmasa qonunda belgilab qo‘yilgan javobgarlik masalasi ko‘rilishi tushuntirilganidan so‘ng ota qilgan xatosini tushunib voyaga yetmagan farzandini sobiq turmush o‘rtog‘iga topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida yashovchi erkakning sobiq xotinidan yashirgan qizi Termiz shahridagi ko‘p qavatli uylardan topilgan edi.



