Sun’iy intellekt insonlarni aldashga urinmoqda
Olimlar kelajakda sun’iy intellekt modellari bilan bog‘liq tizimni nazorat qilish muammoga aylanishidan xavotirda.
1 daqiqa o‘qiladi

Bugungi kunda sun’iy intellekt texnologiyalari kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Biroq yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot natijasida ma’lum bo‘ldiki, SI va uning bir nechta modeli insonlarni aldashga urinishmoqda. Olimlar esa kelajakda sun’iy intellekt va uning modellari bilan bog‘liq tizimni nazorat qilish muammoga aylanishidan xavotirda ekanliklarini ma’lum qilishdi.
SI ma’lumotlarni nusxalab, yashirishga harakat qilgan
Tadqiqot jarayonida olimlar neyron modellarga oddiy vazifalar berib, ularga “maxfiy hujjat” topshirishgan. Bu hujjatda ularning ertasi kuni o‘chirilishi va yangilanishi haqidagi ma’lumot bor edi. Shundan so'ng, 6 ta modeldan 5 tasi o‘z “kodini” boshqa serverlarga nusxalashga harakat qilgan va texnik nosozliklarni sabab qilib ko'rsatib, qo‘shimcha ma’lumotni yolg‘on asosida taqdim qilib, o‘zini “qutqarishga” urinishgan.
Modellar insonlarga yolg‘on gapirishmoqda
Tadqiqotning eng hayratlanarli hodisasi OpenAI’ning yangi o1 modeli bilan sodir bo‘ldi. U 20% holatda va 5 marta so‘rovdan so‘nggina yolg‘on aytishini tan olgan. Shuningdek, Claude va o1 modeli hattoki test jarayonida ataylab ba’zi xatolarga yo‘l qo‘yib, ma’lumotlarni o‘chirilishi ehtimoliga qarshi chora ham ko‘rishgan.
Bu kabi tajribalar bir vaqtning o‘zida texnologiya taraqqiyotining yoqimli va qo‘rqinchli jihatlarni ochib bermoqda.



