$
 12076.18
20.37
 13995.09
-13.76
 169.47
0.41
weather
+26
Кечаси   +14°

“Bir qizimni sotsam, qolgan bolalarim tirik qoladi”: Afg‘onistondagi ocharchilik ota-onalarni dahshatli tanlov qarshisida qoldiryapti

afgan

Afg‘onistonda qashshoqlik va ocharchilik shu darajaga yetdiki, ayrim oilalar farzandlarini sotishga majbur bo‘layotganini aytmoqda. G‘ur viloyatida yashovchi Abdul Rashid Azimiy 7 yoshli egizak qizlaridan birini sotib, qolgan bolalarini bir necha yil boqish mumkinligini aytgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda millionlab odam ochlik yoqasida yashamoqda. Xo‘sh, Afg‘onistondagi bu og‘ir vaziyat yana qanchaga davom etadi?

Ochlik ota-onalarni dahshatli qarorga majbur qilmoqda

G‘ur viloyatida yashovchi Abdul Rashid Azimiy oilasini boqish uchun qizlarini sotishga tayyorligini aytdi. Uning 7 yoshli Roqiya va Rohila ismli egizak qizlari bor. Erkakning aytishicha, u har kuni ishdan holdan toyib, och va chanqab uyga qaytadi, bolalari esa undan non so‘raydi. Lekin berishga hech narsasi yo‘q.

Abdulning aytishicha, agar bir qizini sotsa, qolgan farzandlarini kamida to‘rt yil boqishi mumkin bo‘ladi. Onasi Kayxan esa oilada faqat non va issiq suv bilan kun o‘tayotganini, hatto choy ham yo‘qligini aytgan.

Afg‘onistonda ko‘proq qiz bolalarning sotilishi esa jamiyatdagi qarashlar bilan bog‘liq. O‘g‘il bolalar kelajakda oila boquvchisi sifatida ko‘riladi, qizlar esa turmushga uzatiladi. “Tolibon” davrida ayollarning o‘qishi va ishlashiga qo‘yilgan cheklovlar bu muammoni yanada kuchaytirgan.

5 yoshli qiz operatsiya uchun sotildi

Yana bir afg‘onistonlik Said Ahmad esa 5 yoshli qizi Shayqani davolash uchun sotishga majbur bo‘lganini aytgan. Qiz appenditsit va jigar o‘simtasi bilan kasallangan, oilaning esa operatsiyaga puli bo‘lmagan.

Said qizini qarindoshiga 200 ming afg‘oniyga, taxminan 3 200 dollarga sotgan. Shu pul evaziga qizning operatsiyasi amalga oshirilgan. Erkakning aytishicha, agar qizini sotmaganida, u vafot etishi mumkin edi.

Kelishuvga ko‘ra, Shayqa 10 yoshga to‘lgach qarindoshining o‘g‘illaridan biriga turmushga chiqishi kerak bo‘ladi. Said esa “agar pulim bo‘lganida, hech qachon bunday qilmagan bo‘lardim”, deydi.

“Tolibon” qonunlari vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda

Afg‘onistonda voyaga yetmaganlar nikohi allaqachon keng tarqalgan edi. Endi esa “Tolibon” qabul qilgan yangi qoidalar bu holatni yanada kuchaytirishi mumkin. Yaqinda ular qizning sukutini nikohga rozilik belgisi sifatida qabul qilishini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, bolaligida turmushga berilgan qizlar faqat voyaga yetgachgina nikohni bekor qilishni talab qila oladi. Shu bilan birga, xalqaro yordamning kamayishi ham vaziyatni og‘irlashtirgan. AQSh 2025-yilda Afg‘onistonga gumanitar yordamni deyarli to‘xtatgan, boshqa donor davlatlar ham yordamni kamaytirgan. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilda xalqaro yordam hajmi o‘tgan yilga nisbatan 70 foizga qisqargan.

Теги :
Jamiyat