Germaniya afg‘onlarni O‘zbekiston orqali uylariga jo‘natmoqchi
Shu tariqa, mamlakat Tolibon bilan muzokaralardan qutulib qoladi.
2 daqiqa o‘qiladi

Der Spiegel nashrining yozishicha, may oyi oxirida Germaniya rasmiy delegatsiyasi ichki ishlar vaziri Nensi Fezer topshirigʻi bilan migratsiya va deportatsiya shartnomasini muhokama qilish uchun Toshkentga borgan.
Toliblar hukumati bilan toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar olib bormasdan turib afgʻonlarni chiqarib yuborish
Qayd etilishicha, may oyi oxirida Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer topshirigʻiga binoan Germaniya delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyurib, u yerda Oʻzbekiston hukumati bilan tegishli rejani muhokama qilgan.
“Nemislar Oʻzbekiston hukumatiga maxsus reja taklif qilishgan- Unga koʻra, Germaniya afgʻonistonlik nomzodlarni charter reyslar orqali Toshkentga yetkazishi mumkin, u yerdan Afgʻoniston fuqarolari Kobulga KamAir xususiy aviakompaniyasi samolyotlarida olib ketiladi. Bu yoʻnalish Berlin toliblar hukumati bilan toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar olib bormasdan turib afgʻonlarni chiqarib yuborish imkoniyatiga ega boʻlishini ta'minlash uchun ishlab chiqilgan”, – deb yoziladi xabarda.
“Konstruktiv” muzokaralar
Jurnalistlarning ta'kidlashicha, Germaniya IIV delegatsiyasi Toshkentdan qaytgach, muzokaralar “konstruktiv” oʻtganini ma'lum qilgan va Oʻzbekiston hukumati yordam haqida va'da bergan. Oʻz navbatida, KamAir aviakompaniyasi vakillari ham xuddi shunday tarzda fuqarolarni Afgʻonistonga olib borish mumkin degan fikrni bildirishgan.
“Avvalgi yillar davomida bu firma Shvetsiyaga xuddi shunday deportatsiya missiyalarida yordam bergan va kompaniya rahbariyati Afgʻonistondagi toliblar hukumati bilan ishonchli aloqalarga ega”, - deb yozadi Der Spiegel.
Oʻzbekiston shartlari
Toshkent esa Germaniya bilan Oʻzbekistondan Germaniyaga malakali mutaxassislar yuborilishini tartibga soluvchi rasmiy migratsiya shartnomasini imzolash shartini qo’ygan. Nashrning xabar berishicha, bunday kelishuvni tayyorlash bir necha oydan beri davom etmoqda.
Der Spiegel nashriga koʻra, federal hukumatning migratsiya kelishuvlari boʻyicha maxsus vakili Yoaxim Shtamp kelasi hafta muzokaralarni davom ettirish uchun Oʻzbekistonga keladi.
Germaniyadan muhojirlarni chiqarib yuborish masalasi
Boshpana olish huquqiga ega boʻlmagan muhojirlarni Germaniyadan chiqarib yuborish zarurligi haqidagi bahslar afgʻon fuqarosi may oyi oxirida Mangeymda Pax Europa tashkiloti mitingi ishtirokchilariga hujum qilib, yosh polisiyachining oʻlimiga sababchi boʻlganidan keyin yana kuchaydi.
“Bunday jinoyatchilar Suriya yoki Afgʻonistondan kelgan boʻlsa ham, deportatsiya qilinishi kerak”, - dedi Germaniya kansleri Olaf Shols bundestagda ushbu fojiali voqeadan keyin.
13 mingga yaqin afgʻon Germaniyani tark etishga majbur
“Hozirda Germaniyada boʻlgan qancha afgʻon fuqarosi deportatsiya qilinishi mumkinligi aniq emas”’ - deydi jurnalistlar.
Nashrning yozishicha, Germaniyada yashovchi 13 mingga yaqin afgʻon mamlakatni tark etishga majbur boʻladi. Biroq, ularning koʻpchiligi hozirda deportatsiya qilish mumkin boʻlmagan maqomga ega, masalan, bu oilaning ajralishiga olib kelishi yoki migrantning vatanidagi vaziyat xavfli deb hisoblanishi mumkin.



