Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 96 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +10° kechasi +8°

O‘rnak: Qozog‘istonda referendumga qo‘yiladigan loyiha O‘zbekistonda kuchga kirdi

“O‘zatom” agentligi matbuot xizmati 26-iyun kuni O‘zbekiston va Rossiya Jizzaxda kam quvvatli AES qurilishi boshlanishi haqida protokolni imzolaganini ma’lum qildi.

2 daqiqa o‘qiladi

O‘rnak: Qozog‘istonda referendumga qo‘yiladigan loyiha O‘zbekistonda kuchga kirdi

“O‘zatom” agentligi matbuot xizmati 26-iyun kuni O‘zbekiston va Rossiya Jizzaxda kam quvvatli AES qurilishi boshlanishi haqida protokolni imzolaganini ma’lum qildi. Tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab bo‘lgan loyihaning qurilish ishlari joriy yilning kuzida boshlanadi. 

Loyiha haqida batafsil ma’lumot

“O‘zatom” Atom energiyasi agentligi va “Rosatom” davlat korporatsiyasi muhandislik bo‘limi rahbarlarining rasmiy uchrashuvida tomonlar olti blokli kam quvvatli AES qurilishi haqida shartnoma kuchga kirishi to‘g‘risida protokolni imzolagan. Shuningdek, delegatsiya bo‘lajak olti blokli AES infratuzilmasini yaratish ishlari boshlanadigan hududni ko‘zdan kechirgan. Loyihaning qurilish ishlari Jizzax viloyatida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, AESning umumiy quvvati 330 MVt tashkil qiladi (olti blokdan har biri 55 MVt quvvatga ega). “Rosatom” stansiya qurilishining asosiy pudratchisi sifatida qatnashadi, loyihaga mahalliy kompaniyalar ham jalb qilinadi. AES 2029-2033 yillar oralig‘ida bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Yakuniy qarorni xalq qabul qiladi

Qiziqarlisi, kuni kecha qo‘shni mamlakat, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev OAV xodimlarini taqdirlash marosimida Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi bo‘yicha referendum 2024-yilning kuzida bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. “Mamlakatda atom energetikasini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Ulardan to‘g‘ri va samarali foydalanish muhim. Bu masala bo‘yicha yakuniy qarorni xalq qabul qiladi. Referendum shu yilning kuzida bo‘lib o‘tadi”, – degan To‘qayev. Uning aytishicha, referendumning aniq sanasi keyinroq hukumat tomonidan aniqlanadi.

Qozog‘istonda vaziyat boshqacha

Qozog‘iston energetika vaziri o‘rinbosari Sungat Yesimxanov jurnalistlarga bergan izohiga ko‘ra, referendum aholining atom elektr stansiyasini yoqlashi yoki qarshiligini bildirishi haqida bo‘ladi. Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha munozaralar bir necha yildan beri davom etib kelmoqda. 2023-yil sentabrida To‘qayev bu masalani referendumga qo‘yishni taklif qilgandi. AES qurilishi uchun joy sifatida Olmaota viloyatining Balxash ko‘li qirg‘og‘idagi Ulkan qishlog‘i tanlandi va shu yerda ilk ommaviy muhokamalar bo‘lib o‘tgan.