$
 12786.98
12.0
 13753.68
-160.83
 130.27
0.13
weather
+26
Кечаси   +14°

Qozog‘iston faollarining xavotiri o‘rinli bo‘lib chiqmoqda(mi?): Rossiya Qozog‘istondagi AES qurilishida ishtirok etmoqchi

AES referendum

7-noyabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Qozog‘istonga qilgan ishchi tashrifi yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida Rossiya Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha takliflar kiritganini ma’lum qildi. 

“Rosatom” ushbu masalani hal qilish uchun tayyor

“Rossiya nafaqat AES qurilishiga yordam berishga tayyor, balki o‘z takliflarini ham kiritdi. Biz Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev o‘tkazgan referendumni kuzatdik. U atom energetikasini rivojlantirish rejalari bo‘yicha qo‘llab-quvvatlashga ega bo‘ldi. “Rosatom” ushbu masalani qozog‘istonlik do‘stlarimiz bilan hal qilish uchun o‘z salohiyatini to‘liq taqdim etishga tayyor”, — degan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘z bayonotida. Shuningdek, u Rossiya boshqa davlatlarning tegishli agentlik va tuzilmalari bilan hamkorlik qilishga ham tayyorligini ta’kidlagan. 

Referendum 

Joriy yilning 6-oktyabr kuni Qozog‘istonda mamlakatdagi va butun Markaziy Osiyodagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha referendum o‘tkazilgan edi. Qozog‘iston Davlat siyosati institutining ikkinchi ekzit-poll natijalariga ko‘ra, so‘rovda qatnashgan qozog‘istonliklarning 72,3 foizi AES uchun, 27,7 foizi esa AESga qarshi ovoz bergan. Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonda referendumda 63,87 foiz ovoz beruvchilar ishtirok etgan.

AES propagandasi

Qozog‘istonda Referendumdan oldin mamlakat hukumati ochiqchasiga AES qurilishini qo‘llab-quvvatladi. Referendumga uch kun qolganida, 3-oktyabr kuni mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev AES qurilishini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlab, aks holda Qozog‘iston dunyodagi taraqqiyotdan chetda qolishi mumkinligini ma’lum qildi. “Atom elektr stansiyasi qurilishi — uzoq muddatli loyiha bo‘lib, u mamlakatimizning o‘nlab yillar davomida barqaror rivojlanishini ta’minlaydi, turli profildagi muhandislar va mutaxassislarning butun sinfini tayyorlash uchun sharoit yaratadi. Va bu afzalliklarni bugungi yoshlarimiz hamda qozog‘istonliklarning kelgusi avlodlari to‘liq his etadi”, — deya qayd etgan To‘qayev respublika deputatlar forumidagi chiqishida. Shuningdek, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ham “atom targ‘iboti” olib borildi. 

Jamoatchilik xavotiri 

Yaxshi bilasiz, Qozog‘iston dunyoning eng yirik uran qazib oluvchisi, ammo u ham elektr quvvati taqchilligidan aziyat chekishni boshladi. Hukumatning tashviqotiga ko‘ra, atom elektr stansiyasi bu vaziyatni o‘zgartirishi mumkin. Ammo nima evaziga, degan savol ham mavjud. Ayni paytda ko‘plab ekologlar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari va fuqarolik faollari AES qurilishiga qarshi. Ular kelgusida stansiyani foydalanishdan chiqarish uchun katta miqdorda mablag‘ talab qilinishini ta’kidlamoqda. Bundan tashqari, ular AES qurish g‘oyasi Qozog‘iston rasmiylari tomonidan faqat Rossiya manfaatlarini ko‘zlab ilgari surilayotganidan xavotirda. Lekin eng muhimi, atom energetikasi muxoliflarini beqaror Balxash ko‘li bo‘yida AES qurish rejalari tashvishga solmoqda. Qayd etilishicha, avariya yuz bergan taqdirda mamlakat aholisi zich joylashgan hududning salmoqli qismi radioaktiv ifloslanishga duchor bo‘ladi.

O‘zbekiston va AES

“Rosatom” O‘zbekistonning Jizzax viloyatida ham kam quvvatli AES qurilishini boshlash arafasida turibdi. Forish tumani hududida, Tuzkon ko‘li yaqinida barpo etiladigan stansiya umumiy 330 megavattlik oltita RITM-200N reaktor blokidan iborat bo‘ladi. Qurilish-montaj ishlarini shu yil kuzda boshlash ko‘zda tutilgan. 10-sentyabr kuni loyiha doirasidagi ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolangan. “O‘zatom” agentligi huzuridagi AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Omonovning 15-oktyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan ilmiy anjumanda ma’lum qilishicha, O‘zbekiston kichik quvvatli atom elektr stansiyasini qurish uchun xorij banklaridan mablag‘ jalb etmoqchi. AES qurilishi direksiyasi direktorining aytishicha, Hozirda bir necha Yevropa, Rossiya va mahalliy banklar bilan AESga sarmoya kiritish bo‘yicha muzokara olib borilyapti. “Qaysi banklar bizga ma’qul taklif bersa, ular bilan hamkorlik qilinadi. Chet el banklari krediti ham investitsiyaga tenglashtiriladi”, degan direksiya rahbari.

Теги :
Jamiyat