$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Har 6154 o‘zbekistonlikka bitta advokat to‘g‘ri keladi

advokat

Adliya vazirligi mamlakatdagi advokatlar soniga oid so‘nggi ma’lumotlarni e’lon qildi. Statistikaga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 6175 nafar advokat faoliyat yuritmoqda. Bu raqam mamlakat aholisi soniga nisbatan har 6154 kishiga bitta advokat to‘g‘ri kelishini anglatadi. Xo‘sh, bu ko‘rsatkich hududiy taqsimotda qanday aks etmoqda? Advokatlarning bilim va malakalari fuqarolar talabiga javob bera oladimi?

Qo‘shni davlatlar bilan solishtirganda

O‘zbekistonda advokatlarning soni boshqa davlatlarga qaraganda ancha kam. Turkiyada advokatlar soni 125 ming nafardan oshadi va har 672 kishiga bitta advokat to‘g‘ri keladi. Ozarbayjonda esa 14 990 nafar advokat faoliyat yuritadi, bu esa har 667 kishiga bitta advokat degani. Qozog‘istonda esa ahvol biroz yaxshiroq bo‘lib, har 3900 kishiga bitta advokat to‘g‘ri keladi.

Toshkent va chekka hududlar o‘rtasidagi tafovut

Statistikaga ko‘ra, mamlakatdagi advokatlarning 2600 nafari Toshkent shahrida faoliyat yuritmoqda. Poytaxtning uch million aholisi uchun bu ko‘rsatkichni taqqoslaganda, har 1100-1200 kishiga bitta advokat to‘g‘ri keladi. Bu rivojlangan davlatlar ko‘rsatkichlariga yaqinlashganini anglatadi.

Ammo chekka hududlardagi ahvol ancha boshqacha:

 — Qoraqalpog‘iston: Har 14 ming aholiga bitta advokat.

 — Surxondaryo viloyati: Har 20 ming aholiga bitta advokat.

 — Namangan viloyati: Har 15 ming aholiga bitta advokat.

Sabab nima?

Advokat G‘ayrat Karomatovning so‘zlariga ko‘ra, aholining huquqiy madaniyati past darajada ekanligi bu muammoning asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda. “Daryo” nashriga bergan intervyusida u bir nechta tadbirkorlar misolida quyidagi holatlarni qayd etgan edi:

“Tadbirkorlarning ayrimlari muammolar yuzaga kelgandan keyingina advokatga murojaat qilishadi. Oldinroq huquqiy maslahat olinsa, ko‘p masalalar oldindan osonlikcha hal bo‘lardi. Ammo ko‘pchilik professional advokatga emas, tanish-bilishlarga murojaat qilib, vaziyatni yanada murakkablashtiradi.”

Теги :
Jamiyat