$
 11785.30
-9.7
 13695.70
-3.01
 136.13
0.33
weather
+26
Кечаси   +14°

YPX xodimlari endi ko‘chaga chiqindi tashlaganlarga ham jarima yozadi

ypx

O‘zbekistonda 1-noyabrdan ko‘chalarda ishlaydigan PPX va YPX xodimlarining vakolatlari kengayadi. Endi PPX xodimlari ayrim yo‘l harakati qoidabuzarliklariga aralasha olsa, YPX xodimlari ham jamoat tartibini buzganlarga chora ko‘rishi mumkin bo‘ladi. Profilaktika inspektorlariga ham yangi vakolatlar beriladi.

PPX xodimlari yo‘ldagi qoidabuzarliklarga ham aralashadi

1-noyabrdan patrul-post xizmati xodimlarining vazifalari kengayadi. Endi ular faqat ko‘chalarda jamoat tartibini saqlash bilan shug‘ullanmay, yo‘llardagi ayrim muammolarni hal qilishda ham qatnashadi.

Masalan, chorrahalar, bozorlar, yirik savdo markazlari, maktab va boshqa ta’lim muassasalari atrofi hamda odam va mashina ko‘p bo‘ladigan markaziy ko‘chalarda tirbandlik yuzaga kelsa, PPX xodimlari vaziyatni tartibga solishga yordam beradi.

Yo‘lda huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir bo‘lsa, PPX xodimlari YPX kelishini kutib turmasdan, vaziyatga qarab tezkor chora ko‘rishi mumkin bo‘ladi. Ular huquqbuzarliklarning oldini olish, xavfsizlikni ta’minlash va zarur holatlarda jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatishda ham ishtirok etadi.

YPX endi faqat haydovchilar bilan ishlamaydi

Yo‘l-patrul xizmati xodimlariga ham yangi vakolatlar beriladi. Hozir YPX deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga avtomobillarni to‘xtatadigan va yo‘l harakati qoidalarini nazorat qiladigan xodim keladi. Yangi tartibdan keyin esa ularning vazifasi faqat yo‘l harakati bilan cheklanmaydi.

YPX xodimi ko‘cha va boshqa jamoat joylarida tartibni buzayotgan shaxsni ko‘rsa, unga nisbatan chora ko‘rishi mumkin bo‘ladi. Zarur holatlarda qoidabuzarni ushlash, ta’qib qilish va ichki ishlar organlariga olib borish vakolati ham beriladi.

Bundan tashqari, ko‘cha yoki boshqa belgilanmagan joylarga maishiy va qurilish chiqindilarini tashlash, suyuq chiqindilarni to‘kish kabi holatlarga ham YPX xodimlari aralasha oladi. Jamoat joyida spirtli ichimlik ichish bilan bog‘liq ayrim qoidabuzarliklarni ham ular ko‘rib chiqishi va ma’muriy jazo qo‘llashi mumkin bo‘ladi.

Profilaktika inspektorlariga ham qo‘shimcha huquqlar beriladi

Yangi tartib mahallalarda ishlaydigan profilaktika inspektorlarining vakolatlariga ham ta’sir qiladi. Ular mahalla ichidagi ko‘chalar va yo‘laklarda uchraydigan ayrim yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha ma’muriy chora ko‘rishi mumkin bo‘ladi.

Yana bir muhim o‘zgarish — ayrim yengil qoidabuzarliklarda darhol jarima yozish o‘rniga ogohlantirish berish imkoniyati paydo bo‘ladi. Birinchi marta sodir etilgan 17 turdagi yengil huquqbuzarlik bo‘yicha ma’muriy ogohlantirish qo‘llash mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, ilgari boshqa ichki ishlar tuzilmalari ko‘rib chiqqan ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha ham profilaktika inspektorlari mustaqil ravishda chora ko‘rish huquqiga ega bo‘ladi.

Теги :
Jamiyat