$
 12653.32
-58.77
 14822.10
-105.71
 161.89
-0.75
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

Eski hammom, eski tos: Deputatlar so‘roviga qaramay, 4 foizlik “o‘lpon” hamon amalda

edu talaba otm bakalavr

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Respublika Oliy ta’lim Kengashi tomonidan nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan yil yakunida to‘lov-kontrakt shaklida o‘qitishdan tushgan mablag‘larning 4 foizini jamg‘armaga o‘tkazish taklifi o‘rtaga tashlangani, Kengashning bunday vakolati yo‘qligi sababli holat yuzasidan deputatlik so‘rovi yuborilgani haqida xabar bergandik. Keyinroq, 28-dekabr kuni Oliy taʼlim vazirligi bunday qarorlar huquqiy kuchga ega emasligini eʼlon qildi.

Ammo kecha, 18-yanvar kuni iqtisodchi Yuliy Yusupov Telegram blogida Respublika oliy ta’lim kengashi tomonidan kiritilgan bu majburiyat o‘zining qonuniy asosi yo‘qligiga qaramay, kuch bilan majburiy ijro etilayotgani haqida xabar qoldirdi. Unga kora, universitetlar, agar shartnomani imzolamasa, turli tekshiruvlar va ruxsatnomalardan mahrum bo‘lish bilan tahdid qilinmoqda. 

“Shovqin ko‘tarsangiz ham, deputatlarni yordamga chaqirsangiz ham befoyda”

Respublika oliy ta’lim kengashi kuni kecha xususiy universitetlarning rahbarlarini yig‘ib, tashqariga chiqib shovqin ko‘tarsangiz ham, deputatlarni yordamga chaqirsangiz ham, bu hech narsani o‘zgartirmaydi — biz belgilagan “soliq”ni baribir to‘laysizlar, aks holda, jazoga tortilasizlar, deb ochiqchasiga tahdid qilgan.

Vaziyatning murakkabligi nafaqat moliyaviy yuklamalarda, balki davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi notenglikda ham namoyon bo‘lmoqda.

Deputatlar so‘rovi natijasiz qoldi

2024-yil dekabr oyida Respublika oliy ta’lim kengashi xususiy universitetlarga 4 foizlik to‘lov joriy etganida, masala parlament darajasida ham muhokama qilingan. Oliy Majlis deputatlari rasmiy so‘rov yuborib, bu qarorning qonuniy asosini ko‘rsatishni va mazkur to‘lovdan voz kechishni talab qildi. Ammo bu so‘rov natijasiz qoldi.

Qonuniy asos bormi?

Iqtisodchi Yuliy Yusupov jarayonni qonuniy asosdan mahrum tashabbus sifatida baholadi. U Respublika oliy ta’lim kengashining bu harakati davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi munosabatlarda notenglikni yanada kuchaytirishini ta’kidlamoqda. Yusupovga ko‘ra, xususiy universitetlardan kontrakt mablag‘larining 4 foizini talab qilish davlat tomonidan kiritilgan noqonuniy majburiyatdir. U buni “soxta ixtiyoriylik” deb atab, qarorning muqarrar ijro etilishi amalda xususiy biznesga bosim sifatida talqin qilinishi mumkinligini qayd etdi.

“2015-yilga qaytdik”

Iqtisodchi Otabek Bakirov buni 2015-yildagi eski davlat siyosatining qaytishi deb baholadi. Bakirovga ko‘ra, davlat tomonidan xususiy sektorni erkin rivojlantirishga imkon berish o‘rniga, unga moliyaviy bosim o‘tkazilmoqda. U, shuningdek, agar bu to‘lov amalga oshirilmasa, davlat organlari tomonidan litsenziyalarni bekor qilish yoki tekshiruvlarni tashkil etish tahdidi mavjudligini bildirdi. Bakirov bu holatni davlat boshqaruvida haligacha inqirozga sabab bo‘layotgan o‘tmishdagi noto‘g‘ri yondashuvlar davomiyligi bilan izohladi.

“Yo hammaga, yo hech kimga” — Erkinlik haqida

Jurnalist va bloger Muhrim Azamxo‘jayevning fikricha, O‘zbekistonda iqtisodiy va ijtimoiy erkinlik so‘nggi yillarda sezilarli darajada qisqarmoqda. Davlatning tadbirkorlik va xususiy sektorni rivojlantirish o‘rniga ularga turli to‘siqlar yaratishi bu muammoni yanada chuqurlashtiradi.

Azamxo‘jayev UzIMEI tizimining 30 foizlik boj solig‘ini, elektromobil importi uchun UzTest byurokratiyasini, va qimmat avtoraqamlar kabi iqtisodiy yuklarni misol qilib keltirar ekan, ularni “xalqning erkin harakat qilish va ish yuritish imkoniyatlarini cheklovchi omillar” sifatida baholadi.

U shuningdek, haydovchilikka o‘qish va imtihon topshirish narxlarining oshishi haqida gapirib, bu jarayonlarning kelajakda oddiy fuqarolar uchun ham og‘ir yuk bo‘lishidan xavotir bildirdi. Azamxo‘jayev:

“Endi esa Konstitutsiya, prezident va parlamentni chetlab o‘tib, xususiy universitetlarga “soliq” ham joriy qilindi. Yangi xususiy universitetlarni ochish necha yildan beri “taqiqlab qo‘yilgani” haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Mana shuncha g‘alatiliklar fonida O‘zbekistonning 2018–2019-yillari hatto Amerikasida ham bo‘lmagan erkinlik zamonidek ko‘rinyapti hozir. Tavba-tavba, shunchalik erkinlik zamoni ediki, O‘zMTRKda (xususiy demayapman) har kuni biror diniy-ma’rifiy ko‘rsatuv ko‘rarding, tashqarida Qur’on chempionatlari bo‘lardi.

Ha, hozir men har xil narsalarni aralashtirib tashlayapman. Lekin, tushunishimcha, erkinlik degani alohida-alohida bo‘lmaydi, shekilli. Yo hammaga, yo hech kimga”, – deb yozadi u o‘z blogida.

Jurnalistning fikricha, erkinlik degani butun jamiyat uchun barqaror prinsiplarga asoslanishi lozim.

Теги :
Jamiyat