$
 12720.00
-7.96
 13827.91
46.07
 140.04
0.58
weather
+26
Кечаси   +14°

Xotin-qizlardan OTMlarda o‘qish uchun tavsiyanomaga arizalar qabuli boshlandi

xotin-qizlar ta’lim

O‘zbekistonda kamida 5 yil mehnat stajiga ega xotin-qizlardan OTMlarda o‘qish uchun tavsiyanomaga arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi xabar berdi.

Jami 500 ta kvota

Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy maʼlumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar davlat oliy taʼlim muassasalariga alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilangan. 

Ushbu imtiyozdan foydalanmoqchi bo‘lgan xotin-qizlar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tavsiyanomasiga ega bo‘lishi lozim.

Tavsiyanoma uchun mezonlar

Tavsiyanoma olish uchun talabgorlar quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:

  • o‘rta maxsus yoki professional taʼlim bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lishi (kollej, texnikum diplomiga ega bo‘lishi);
  • tavsiyanoma olgunga qadar oliy taʼlim olmaganligi yoki olmayotganligi (davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalarida o‘qimayotgan bo‘lishi kerak);
  • o‘rta maxsus yoki professional taʼlim mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi (o‘rta maxsus diplomini qaysi mutaxassislik bo‘yicha tugatgan bo‘lsa, shu mutaxassislik bo‘yicha kamida 5 yil ishlagan bo‘lishi kerak).

Qanday hujjatlar kerak?

Ushbu mezonlarga to‘g‘ri keluvchi talabgorlar 1-iyungacha ariza bilan tuman (shahar) Oila va xotin-qizlar bo‘limlari huzuridagi Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarga tavsiyanoma berish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha doimiy yashash yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan joyidagi tuman (shahar) ishchi guruhlariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • fuqarolik pasporti yoki ID karta nusxasi.
  • mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi)dan ko‘chirma.
  • o‘rta-maxsus yoki professional taʼlim bo‘yicha diplom.

Talabgorlar tomonidan taqdim etilgan ariza va hujjatlar tuman (shahar) Ishchi guruhlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda 1—7-iyun kunlari ko‘rib chiqiladi va tavsiyanoma berish yoki tavsiyanoma berishni rad etish to‘g‘risida xulosa qabul qilinadi.

Necha kunda ko‘rib chiqiladi?

Ishchi guruh xulosasi asosida xotin-qizlarga tavsiyanoma berishga tavsiya etish yoki uni rad etish to‘g‘risida 7—10-iyun kunlari tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limi boshliqlari tomonidan qaror qabul qilinadi hamda uni Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.

Har yili 10-iyundan 14-iyungacha Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan qaror va unga ilova qilingan hujjatlar ko‘rib chiqilib, qo‘mita raisining tavsiyanomalarni berish yoki uni rad etish to‘g‘risidagi buyrug‘i chiqariladi.

15-iyunga qadar tavsiyanomalar o‘rnatilgan tartibda o‘z egalariga yetkaziladi. Tavsiyanoma berilgan kundan boshlab 3 yil davomida faqat bir marta OTMga qabul qilinishi uchun amal qiladi.