$
 12170.67
20.83
 14048.60
44.69
 152.30
1.2
weather
+26
Кечаси   +14°

Top-5 chempionatlarining eng yaxshi vunderkindlari

Yamal

Buyuk Britaniyaning “Squawka” nashri joriy mavsumda Yevropaning kuchli beshlik chempionatlarida harakat qilayotgan eng iqtidorli yosh futbolchilar ro‘yxatini tuzib chiqdi. 

Abduqodir Husanov — Markaziy himoyachi

Atigi 20 yoshda bo‘lishiga qaramay, ushbu futbolchi O‘zbekiston taqdim qilgan tarixdagi eng iqtidorli futbolchi nomi uchun jiddiy da’vogar bo‘lib bormoqda. Ushbu nomni "Roma"da faoliyat olib borayotgan va milliy jamoa libosidagi 76 ta uchrashuvda 41 ta gol urib, bu borada rekordchi bo‘lib turgan Eldor Shomurodov egallab turgandi. Abduqodir "Lans" orqa chizig‘iga balans va xotirjamlik baxsh etmoqda. Himoyaviy kutib olishlar borasida u Fransiya Liga-1 himoyachilari orasida yetakchi bo‘lib turibdi — 90 daqiqa hisobiga o‘rtacha 3,09 ta. Himoya uchligi bilan qolgan holda to‘pni yutib olish bo‘yicha ham u ligada peshqadam — 90 daqiqa hisobiga 3,48 ta. To‘pni tozalashda esa u ikkinchi bo‘lib turibdi — 6,37 ta.

Natan Zeze — Markaziy himoyachi

Bekorga Fransiyani iqtidorlar ligasi deyishmaydi. Fransiya birinchiligida porlayotgan yana bir iqtidor bu — Natan Zeze. Fransiyalik futbolchi himoyalanish va to‘p bilan o‘ynash masalalarida shu qadar yaxshi taassurot qoldirmoqdaki, "Liverpul" va "Aston Villa"ning uning transferiga qiziqish bildirayotgani haqida mish-mishlar paydo bo‘lyapti. Zezening eng yorqin uchrashuvi "Tuluza"ga qarshi 0:0 hisobida yakunlangan bellashuvda kechdi va unda 19 yoshli himoyachi naq 10 marotaba to‘pni himoya chizig‘idan tozalashni amalga oshirdi, 3 marta to‘pni qaytarib oldi, 2 marta muvaffaqiyatli podkat tashladi, 2 bor raqiblarini kutib oldi va o‘zi ishtirok etgan 4 ta yelkama-yelka kurashning barchasida g‘alaba qozondi.

Levi Kolvill — Markaziy himoyachi

Angliya milliy jamoasining Gretsiyaga qarshi mag‘lubiyatida kimnidir e’tirof etish kerak bo‘lsa, bu — Levi Kolvill. Himoyachi yunonlarning yana bir golli zarbasini darvoza chizig‘idan qaytarib, Jordan Pikfordni butkul sharmandalikdan qutqarib qoldi. Biroq qayd etish kerakki, u «uch sherlar»ning himoyasidagi xaosda ham o‘z "hissasini qo‘shdi". Ammo Mareskaning "Chelsi"sida ham almashtirib bo‘lmas futbolchiga aylanib ulgurgan. U Virjil Van Deyk ("Liverpul") va Nikola Milenkovichdan ("Nottinghem Forest") keyin har 90 daqiqada jarima maydonchasi ichida o‘rtacha 2tadan ko‘p himoyaviy kutib olishni amalga oshirayotgan 3-futbolchidir. Uzatmalar bo‘yicha ham u ligada Maksim Lakrua, Jan-Pol van Hekke va Virjil Van Deykdan keyingi o‘rinda boryapti. Chapaqayligi esa uning himoyachi sifatidagi bahosini oshiradi.

Karlos Baleba — Tayanch yarimhimoyachi

Karlos Baleba 2023-yilda "Lill"dan katta umidlar bilan olib kelingandi, ammo uning kutilmalarni oqlaydigan futbolchi sifatida o‘zini shakllantirib olishi uchun bir mavsumlik adaptatsiya talab qilindi. Allaqachon Kamerun milliy jamoasida 4 ta uchrashuvda qatnashishga ulgurgan futbolchi "Brayton" safida 200 dan ko‘p daqiqalarda o‘ynaganlar orasida aniq podkatlar (3,19) va himoyaviy kutib olishlar (2,13) bo‘yicha yetakchi bo‘lib turibdi. Shuningdek, Premer-liga va Angliya liga kubogida gol urishga ham muvaffaq bo‘ldi.

Xavi Simons — Hujumkor yarimhimoyachi

Alohida tanishtirishga muhtoj bo‘lmagan futbolchi. Xavi Simons yana ijarada va u o‘zi ishtirok etgan 6 ta Bundesliga bellashuvida bitta gol hamda 2 ta assist amalga oshirishga ham ulgurdi. Lekin bu ham ushbu futbolchidan eng avvalida kutilgan darajaning juda kichik ko‘lamdagi ijrosi. Lekin «Leypsig» uning ko‘magi bilan "Bavariya"ning tempiga dosh bergan holda, yuqori pog‘onalar uchun kurashishda davom etmoqda. Bunda himoyaning yaxshi ishlayotgani va atigi 2 ta gol urgani ham katta ahamiyatga ega. Agar hujumga ham shunday e’tibor qaratilsa, Simonsning raqamlarida ham yaxshilanish kuzatilishi mumkin.

Joau Nevesh — Markaziy yarimhimoyachi

70 million yevroga transfer qilingan futbolchida, tabiiyki, bosim yuqori bo‘lishi aniq, biroq hozircha portugaliyalik yarimhimoyachining Parijdagi faoliyatining avvali undan kutilganlarni oqlamoqda. U Liga-1’da allaqachon 5 ta assistni amalga oshirib, Bukayo Sakaning natijasini maydonda ancha orqa chiziqda o‘ynagan ko‘yi qayd etib qo‘ydi. Uning 90 daqiqa hisobida yaratgan vaziyatlari o‘rtacha 2,05 tani tashkil etgan va bu parijliklar safida 5-ko‘rsatkichdir, lekin assistlar bo‘yicha ularning hech biri Joauga yaqin yo‘lay olmaydi.

Yaya Fofana — Markaziy yarimhimoyachi

Yana Fransiyaga qaytamiz va bu gal ham ajoyib iqtidor egasi bo‘lgan Yaya Fofana ismli yarimhimoyachi bilan. 20 yoshli futbolchi bittadan gol va assist amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Bundan tashqari, uning hisobida har 90 daqiqa hisobiga hujum uchligiga o‘rtacha 5,82 ta, aldab o‘tishlar 1,5 ta va 2,7 ta muvaffaqiyatli podkat bor.

Pedri — Markaziy yarimhimoyachi

Pedri Yevro-2024’da yana jarohatni boshdan o‘tkazdi, biroq u allaqachon maydonga qaytgan va 7 ta o‘yinda 2 ta gol hamda bitta assist qilishga ham ulgurdi. Pedrining hujum uchligiga yetkazib berilgan uzatmalar ko‘rsatkichi bo‘yicha istalgan «Barsa» futbolchisidan yaxshiroq ko‘rsatkichga egaligi (19,01 ta) sizni hayron qoldrimasa kerak. Uning har 90 daqiqada yaratayotgan o‘rta hisobda 2,45 ta xavfli vaziyatidan kataloniyaliklarda faqat Rafinya yaxshiroq ko‘rsatkich qayd etmoqda.

Florian Virts — Hujumkor yarimhimoyachi

Florian Virtsni ta’riflashimiz shartmikan?! O‘tgan mavsumdagi fenomenal oltin dubldan so‘ng, germaniyalik iqtidor yangi mavsumni ham o‘zgacha ishtaha bilan boshladi. Bundesligada 4 ta gol urgan yarimhimoyachi Chempionlar Ligasida ham 2 bor tabloga o‘z nomini yozdirib qo‘yishga erishdi. Shunchaki aytishimiz kerakki, bu futbolchi o‘z davrining eng yaxshilaridan biri bo‘lish yo‘lidan ketmoqda.

Elies Ben Segir — Hujumkor yarimhimoyachi, vinger

Elies Ben Segir bir necha mavsumdan beri monakoliklar safida o‘zini ko‘rsatib kelayotgan bo‘lsada, aynan shu mavsumda o‘zini rosmana vunderkid sifatida namoyish eta boshladi. Fransiya 1-ligasida allaqachon 2 ta gol va 2 ta assist amalga oshirdi. Hujum uchligiga beriladigan uzatmalar bo‘yicha ham (14,39 ta) u faqat Aleksandr Golovindangina orqada (18,79 ta). Fransiya yoshlar tizimida shug‘ullangan Ben Segir Marokash bilan Jahon Kubogi saralashi doirasidagi Zambia va Kongoga qarshi uchrashuvlarda bittadan gol hamda assist qildi.

Alberto Moleiro — Hujumkor yarimhimoyachi, vinger

La Liganing 9 ta turida birorta g‘alabaga erisha olmagan va umumiy hisobda 9 ta goli bilan turnir jadvalining eng so‘nggi pog‘onasida borayotgan "Las Palmas"ning nursiz o‘yinlari ham Alberto Moleironing yorqin o‘yiniga soya sola olmayapti. Hujumkor yarimhimoyachi jamoasining La Ligada kiritgan gollarining uchdan bir qismiga mualliflik qilib turibdi. Qo‘shimchasiga, uning har o‘yinda o‘rtacha 1,84 ta yaratgan vaziyatlari va 2,62 ta muvaffaqiyatli driblingi jamoadoshlari orasida mos ravishda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallab turishini ta’minlamoqda.

Lamin Yamal — Vinger

Virtsni eng yaxshi iqtidorlardan biri deyishimizga sababchi mana shu Lamin Yamal bo‘ladi, chunki eng yaxshisi — u. Rostdan ham, qanday qilib bu bola 17 yosh bo‘lishi mumkin? Yamalning iqtidoriga shubha qilganlarga Yevro-2024’da Ispaniyani chempionlik sari yetaklab borishini tomosha qilishga old qatorlardan joy olib berdi. Shundan so‘ng, u yangi mavsumni 4 ta gol va 5 ta assist bilan boshlab ham oldi. Chempionlar Ligasidagi gollari hisobini ham ochishga ulgurgan Yamal ushbu turnirda gol urgan eng yosh futbolchilar reytingida Ansu Fatidan keyingi o‘ringa joylashdi. Har o‘yinda o‘rtacha hisobda amalga oshirayotgan 3,37 ta muvaffaqiyatli driblingi "Barselona"dagi istalgan jamoadoshining natijasidan yaxshiroq.

Santiago Kastro — Hujumchi

Shu yilning yanvarida Argentinaning "Velez" klubidan Italiyaga ko‘chib o‘tgan futbolchi allaqachon o‘z yo‘lini topib olishga ham ulgurdi. Joshua Zirkze ketganidan so‘ng bo‘shab qolgan hujum chizig‘ini to‘ldirayotgan futbolchi A Seriya joriy mavsumida 3 ta gol va bitta assist amalga oshirdi. Ammo 172 sm bo‘yga ega futbolchining texnik imkoniyatlari ham niderlandiyalik sobiq jamoadoshinikidan farq qiladi. Misol uchun, har 90 daqiqada u 1,17 ta muvaffaqiyatli dribling amalga oshirmoqda.

Emmanuel Emega — Hujumchi

Yana Fransiyaga qaytdik va bu gal Niderlandiya yoshlar jamoalarida o‘ynovchi, 21 yoshida o‘z yurtidan tashqari, Belgiya, Avstriya va Fransiyada o‘ynashga ulgurgan futbolchi uchun. "Chelsi" o‘zining tarmoq klubi hisoblangan "Strasbur" safida o‘tgan mavsumdagi 38 ta uchrashuvda 12 ta gol va 3 ta assist qayd etgan futbolchiga qiziqish bildirmoqda. "Shturm Graz" safidan Fransiyaliklarga kelib qo‘shilgan futbolchi har 90 daqiqada amalga oshirilayotgan aniq zarbalar soni (1,97) bo‘yicha Liga-1’da faqat Usmon Dembele va Jonatan Roudan ortda bormoqda, xolos.