$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yilning eng qadrsiz valyutasi qaysi?

valyuta

Joriy yilda Braziliya reali AQSh dollariga nisbatan eng ko‘p — 20 foizdan ortiqqa qadrsizlangan valyuta bo‘ldi. Janubiy Amerikaning eng katta iqtisodiyotida hozir 1 dollar rekord darajada qimmat — 6,2 realga baholanmoqda. Inqirozning sababi — iqtisodiy noaniqlik, ziddiyatli siyosat va investorlarning ishonchsizligiga bog‘liq. Bu haqda The Economist nashri xabar berdi.

Hukumat qanday choralar ko‘rmoqda?

Prezident Lula da Silva boshchiligidagi hukumat xarajatlarni kamaytirish uchun choralar ko‘rdi, jumladan, davlat xodimlari uchun ish haqi cheklovlarini joriy etdi. Lekin, shu bilan birga, kam daromadli va o‘rta daromadli aholi uchun soliq imtiyozlari va’da qilindi. Investorlar esa bu harakatlarni hukumatning moliyaviy intizomga jiddiy yondashmagani sifatida baholashdi. Bu holat, xususan, Braziliyaning byudjet tanqisligi (YIMning 10 foiziga yaqin) va davlat qarzi (YIMning 90 foizi) fonida kuchaydi. Natijada, moliya bozorlarida sarosima yuzaga keldi.

Moliyaviy intizomni kuchaytirish kerak

Braziliya Markaziy banki vaziyatni barqarorlashtirishga harakat qildi: sentyabrdan beri uch marta foiz stavkalari oshirildi, 3 milliard dollardan ortiq zaxiralar ishlatildi, lekin bu choralar natija bermadi. Hozirga kelib, ikki yillik davlat obligatsiyalarining daromadliligi 15 foizdan oshgan, bu esa investorlarning jiddiy xavotirini ko‘rsatadi.

Ekspertlarning fikricha, mamlakat moliyaviy intizomni kuchaytirish uchun tezkor choralar ko‘rishi kerak. Busiz realning qadrsizlanishi va iqtisodiy qiyinchiliklarni to‘xtatib bo‘lmaydi. Braziliya o‘zining tarkibiy muammolarini hal etmasa, inqiroz yanada chuqurlashishi mumkin.

So‘m esa dollarga nisbatan 4,5 foizga qadrsizlandi

Avvalroq, o‘zbek so‘mi 2024-yil boshidan buyon AQSh dollariga nisbatan 4,5 foizga qadrsizlangani xabar qilingandi. O‘zbekiston Markaziy banki 24-dekabr kuni uchun xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan rasmiy kursini e’lon qildi. Bunda AQSh dollarining qiymati ilk marta 12 900 so‘mlik psixologik nuqtadan o‘tib, 12 902,00 so‘m deb belgilandi.

Теги :
Jamiyat