Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 88 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +10° kechasi +9°

Jahon aviakompaniyalari Rossiyaga reyslarini bekor qilishni boshladi, O‘zbekiston-chi?

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov Rossiya havo hududi xavfsizligi yuzasidan Transport vazirligidan tushuntirish so‘ralishini bildirdi.

2 daqiqa o‘qiladi

Jahon aviakompaniyalari Rossiyaga reyslarini bekor qilishni boshladi, O‘zbekiston-chi?

Bokudan Grozniyga uchayotgan Azerbaijan Airlines samolyoti Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqiniga qulaganidan keyin qator aviakompaniyalar Rossiya shaharlariga parvozlarini to‘xtatishni boshladi. 26-dekabr kuni Euronews telekanali o‘z manbasiga tayanib, samolyotning Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgani haqida xabar berdi. 

Markazi Osiyo aviakompaniyalari munosabati

Ushbu voqealardan so‘ng “Turkmaniston” aviakompaniyasi 2024-yil 30-dekabrdan 2025-yil 31-yanvarga qadar Ashxobod — Moskva — Ashxobod yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshiriladigan parvozlarini bekor qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Qazaq Air aviakompaniyasi “yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida” 28-dekabrdan 27-yanvargacha Ostonadan Yekaterinburgga parvozlarni to‘xtatdi.

Parvozlar cheklovi ortmoqda

Bundan tashqari, Ozarbayjonning o‘z aviakompaniyalari ham Rossiyaning bir qator aeroportlariga — Mineralniye Vodi, Sochi, Volgograd, Ufa, Samara, Saratov, Nijniy Novgorod va Vladikavkazga parvozlarni to‘xtatdi. Bungacha aviatashuvchi Grozniy va Maxachqal’aga parvozlarni to‘xtatgan. Sho‘ o‘rinda Isroilning El Al aviakompaniyasi kelgusi haftada Tel-Aviv — Moskva yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni to‘xtatishini e’lon qildi. Dubayning Flydubai aviakompaniyasi ham Sochi va Mineralniye Vodidan Dubayga parvozlarni 5-yanvarga qadar bekor qildi.

Uzbekistan Airwaysda vaziyat qanday?

Ikki qo‘shni mamlakatdan farqli Uzbekistan Airways ayni paytda Rossiya shaharlariga, jumladan, Maxachqal’a va Grozniyga barcha reyslar belgilangan jadval bo‘yicha amalga oshirmoqda. Ma’lumot uchun, Toshkentdan Grozniyga parvozlar haftasiga ikki marta (seshanba va juma kunlari), Maxachqal’aga bir marta (payshanba kunlari) amalga oshiriladi.

“Milliy tiklanish” Transport vazirligiga murojaat qiladi

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov Rossiya havo hududi xavfsizligi yuzasidan Transport vazirligidan tushuntirish so‘ralishini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, “Milliy tiklanish” fraksiyasi bu mavzuda Transport vazirligiga “asosli tushuntirish berish” so‘rovini yuboradi. Shuningdek, bu so‘rov Uzbekistan Airways aviakompaniyasiga ham yuboriladi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” birinchi o‘rinda vatandoshlarimiz xavfsizligi haqida o‘ylashi kerak", – deya ma’lum qildi deputat Alisher Qodirov.