Uylarning o‘rtacha narxlari 70-80 foiz oshgan
Uy-joyga bo‘lgan talablarning oshishiga imtiyozli ipoteka kreditlari sabab bo‘lmoqda.
3 daqiqa o‘qiladi

So‘ngi paytlarda uy-joyga bo‘lgan talab yuqoriligi tufayli ularning narxlari ham serzilarli darajada ortib bormoqda. Oldinlari kredit masalasi bo‘lmaganligi sababli uy-joy savdosi ma’lum darajada saqlanib turar edi. Hozirga kelib esa imtiyozli ipotekalar turar joy savdosida yirik o‘sishni amalga oshirdi. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ko‘chmas mulk va ipoteka bozoriga oid tadqiqot o‘tkazdi.
Narxlarda 70-80 foiz o‘sish
2020-2023-yillarda birlamchi va ikkilamchi bozordagi uylarning o‘rtacha narxlari 70-80 foiz oshgan va bu mazkur davrda iste’mol narxlari o‘zgarishidan mos ravishda 1,4 va 1,6 barobarga yuqori hisoblanadi. Ipoteka kreditlari, ayniqsa davlat dasturlari doirasida past daromadli oilalar va birinchi marta uy sotib oluvchilar uchun mo‘ljallangan imtiyozli ipoteka kreditlari uy-joyga bo‘lgan talabning sezilarli darajada oshishiga olib kelgan.
2023-yilda ipoteka kreditlari 16,9 trln. so‘mga yetdi
Ma’lumot uchun 2017-yilda aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 2,6 trln. so‘mni tashkil etib, nominal YAIMga nisbatan 0,8 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2023-yilda ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 16,9 trln. so‘m va 1,6 foizga yetdi.
Bu esa 2023-yilda aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 2017-yildagiga nisbatan 6,4 barobar ko‘payganligini ko‘rsatadi. Uy-joy sotib olishni moliyalashtirishda tijorat banklarining roli va ahamiyati oshib bormoqda.
Ipoteka kreditlarida banklarning ulushi
2021-yilda ipoteka kreditlarini moliyalashtirishda banklarning o‘z mablag‘lari ulushi 8,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilda 26,3 foizga, 2023-yilda 33,9 foizga yetdi. Bu esa bank sektorining ko‘chmas mulk bozoridagi ishtiroki tobora oshib borayotganligini ko‘rsatadi.
Dastlabki badalni qoplashda 40 foiz kreditor subsidiyalardan foydalangan
2023-yilda Toshkent shahridan tashqari respublikaning barcha hududlarida birlamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti olgan aholining eng kamida 40 foizdan ortiq qismi dastlabki badalning bir qismini qoplashda subsidiyalardan foydalangan.
Toshkent shahrida uy-joylar
Uy-joy qurilishi uchun yer uchastkalarining narxlari yildan yilga sezilarli darajada o‘sib bormoqda. Shu o‘rinda aytish joizki, Toshkent shahrining bosh rejasi tasdiqlanmaguncha 2023-yildan yangi qurilishlarga moratoriy e’lon qilinishi natijasida qurilish uchun yer uchastkalari sotilishi to‘xtatildi.
Moratoriy e’lon qilinishidan oldin auksion savdolariga chiqarilgan va 2023-yilda sotilgan (3 lot) yerlarning 1 kv. metri uchun narxlar 6,3 mln. so‘mdan 11,4 mln. so‘mgacha bo‘lgan qiymatlarni tashkil etdi. Uy-joy qurilishi narxiga ta’sir qiluvchi asosiy omillardan biri bo‘lgan sementning narxi pasaymoqda va mamlakatda sementga bo‘lgan ehtiyojning mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan qoplanish darajasi ortib bormoqda. Shu bilan bir qatorda armatura narxi ham pasaymoqda.
Yer usti metrolarining uy-joyga ta’siri
Toshkent shahrining Yashnobod va Sergeli tumanlarida yerusti metrosining qurib, foydalanishga topshirilishi uy-joy ilgari poytaxtning boshqa tumanlaridagiga nisbatan arzonroq bo‘lib kelgan ushbu hududlarida turar joylarning jozibadorligi va qiymati oshishiga hissa qo‘shdi.
Xususan, 2022-yilda uy-joylarning 1 kv.metri uchun o‘rtacha narx Sirg‘ali tumanida 775 AQSh dollarini, Yashnobod tumanida 875 AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda narxlar mos ravishda 979 dollar (26,3 foiz) va 1087 dollargacha (24,2 foiz) ko‘tarilgan. Yashnobod tumanidagi yangi uy-joylarning narx o‘rtasidagi tafovut (standart og‘ish) 2022-yilda 273, 2023-yilda 446, Sergeli tumanida esa mos ravishda 148 va 221 ni tashkil qildi.



