$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

Sud Trampning USAID xodimlarini ishdan bo‘shatish rejasini blokladi. Agentlik taqdiri noaniq qolmoqda

AQSh Federal sudyasi Karl J. Nikols Prezident Donald Trump ma’muriyatining AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) xodimlarini ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish rejasini vaqtincha to‘xtatdi. 

1 haftalik muhokama

BBC xabariga ko‘ra, ushbu qaror 2000 nafarga yaqin xodimni ma’muriy ta’tilga chiqarish jarayoni boshlanishidan bir necha soat oldin qabul qilindi. Sud qaroriga ko‘ra, 14-fevralga qadar USAID xodimlarini ishdan bo‘shatish to‘xtatiladi. Bu vaqt ichida sudda Tramp ma’muriyatining qarori bo‘yicha kengroq muhokama bo‘lib o‘tadi.

Tramp va Mask USAID’ni yopmoqchimi?

Donald Tramp ma’muriyati USAID’ni samarasiz tuzilma sifatida yopish tarafdori ekanini bildirmoqda. Prezident 20-yanvar kuni, lavozimga kelgan zahoti, barcha xalqaro yordam dasturlarini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha farmon imzolagan edi. Ushbu farmon Trampning “Amerika birinchi” siyosati doirasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar qatoriga kiradi.

Trampning bu qarori bo‘yicha respublikachi senator Marco Rubio boshchiligidagi Davlat departamenti hamda Elon Musk boshchiligidagi “Hukumat samaradorligi departamenti” (DOGE) mas’ul bo‘lib, ularning maqsadi federal xarajatlarni qisqartirish va agentlikni Davlat departamentiga birlashtirish ekani aytilmoqda.

Biroq USAID xodimlari va demokratlar bu rejalarga keskin qarshilik ko‘rsatib, uni AQSh tashqi yordam siyosatiga qaratilgan hujum deb baholamoqda. USAID sobiq rahbari Samantha Power bu qarorni “AQSh tarixidagi eng katta tashqi siyosiy xatolardan biri” deb atadi.

USAID xodimlari va davlat organlari sudga murojaat qildi

Trampning bu qaroridan norozi bo‘lgan American Foreign Service Association va American Federation of Government Employees kabi kasaba uyushmalari federal sudga shikoyat kiritdi. Ular agentlikni yopish faqat AQSh Kongressi qarori bilan amalga oshirilishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Sudya Karl Nikols bu da’voni asosli deb topib, USAID xodimlarining sud jarayoni davomida “tuzatib bo‘lmas zarar” ko‘rishi mumkinligini qayd etdi. Natijada, 500 nafar xodimning ma’muriy ta’tilga chiqarilishi bekor qilindi, yana 2 000 nafarga yaqin xodim esa vaqtincha o‘z ish joyida qoladigan bo‘ldi.

Ilon Maskka qarshi yana bir sud qarori

USAID masalasidan tashqari, yana bir federal sudya Ilon Mask boshchiligidagi DOGE agentligining AQSh G‘aznachilik Departamenti ma’lumotlariga kirishini ham taqiqladi. Maskning agentligi millionlab amerikaliklarning moliyaviy ma’lumotlariga kirish imkoniyatiga ega bo‘lgani sababli, 19 ta shtat bosh prokurorlari bu qarorga qarshi sudga murojaat qilgan edi.

Sudya Pol A. Engelmayyer Mask va uning jamoasiga “ushbu ma’lumotlarning barcha nusxalarini yo‘q qilish” haqida farmon berdi.

Avvalroq, AQShda Tramp ma’muriyatining USAID agentligi xodimlarini 10 000 dan 294 nafargacha qisqartirish rejasi bilan bog‘liq namoyishlar bo‘lib otayotgani haqida xabar bergandik. Yirik shaharlarda faollar Tramp ma’muriyatining bu qaroriga qarshi chiqib, “USAIDni saqlab qoling”, “Biz dunyo uchun ahamiyatlimiz” kabi plakatlarni ko‘tarib, norozilik bildirgan.

Теги :
Jamiyat