$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

AQShda Tramp ma’muriyatiga qarshi norozilik namoyishlari kuchaymoqda

USAID protest

AQSh Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi — USAID xodimlarining sonini 10 000 dan 294 nafarga qisqartirish rejasini e’lon qildi. USAID sobiq rahbari J. Bryan Atwood bu qarorni “agentlikni yo‘q qilish” deb atadi va butun dunyodagi millionlab insonlarning hayoti xavf ostida qolishini ta’kidlamoqda.

“Konstitutsiyaga zid va noqonuniy”

Mazkur qarorga norozilik bildirib, USAID xodimlari AQSh ma’muriyatini sudga berdi va Trampning ushbu qarorini “konstitutsiyaga zid va noqonuniy” deb atashdi. Shu bilan birga, ko‘plab USAID xodimlari va inson huquqlari faollari norozilik namoyishlarini boshlab yubordi.

Tramp ma’muriyatining qaroriga ko‘ra, faqatgina 12 xodim Afrika byurosida, 8 nafari esa Osiyo byurosida qoladi. Qolgan barcha USAID xodimlari, jumladan, insonparvarlik yordami va global taraqqiyot dasturlari ustida ishlayotgan mutaxassislar ishdan bo‘shatiladi yoki ma’muriy ta’tilga chiqariladi. Davlat departamenti USAIDni o‘ziga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda, biroq qonuniy jihatdan bu faqat Kongress qarori bilan amalga oshirilishi mumkin.

Nimalar o‘zgardi?

USAIDga ajratilayotgan mablag‘lar keskin kamaytirilmoqda. 2023-yilda agentlik 40 milliard dollardan ortiq mablag‘ni boshqargan bo‘lsa, yangi islohotlar natijasida bu hajm sezilarli ravishda qisqarishi kutilmoqda.

Dunyo bo‘ylab ko‘plab insonparvarlik dasturlari to‘xtatilmoqda, shu jumladan, ocharchilikka qarshi kurash, kasalliklarni oldini olish va qashshoqlikka qarshi kurash dasturlari ham.

USAIDning 2023-yilda asosiy yordam oluvchilari Ukraina, Efiopiya, Iordaniya, Kongo Demokratik Respublikasi, Somali, Yaman va Afg‘oniston bo‘lib, ularning ko‘pchiligi mojaro va qashshoqlik bilan bog‘liq inqirozlar bilan yuzlashayotgan davlatlar hisoblanadi. Endilikda bu mamlakatlarga ko‘rsatilayotgan yordam to‘xtatilishi mumkin.

USAID xodimlari va inson huquqlari faollari namoyish boshladi

Xodimlar va inson huquqlari faollari bu qarorni xalqaro yordam dasturlariga qaratilgan “hujum” sifatida baholamoqda. Vashingtonda, USAIDning bosh ofisi oldida o‘nlab namoyishchilar yig‘ilib, “USAIDni saqlab qoling”, “Biz dunyo uchun ahamiyatlimiz” kabi plakatlar bilan chiqish qilmoqda. Ular Tramp va uning yaqin ittifoqchisi, Hukumat samaradorligi departamenti rahbari Ilon Maskni USAIDni rejalashtirilgan “yo‘q qilish” uchun tanqid qilishdi.

Namoyishchilar shuningdek, Kongressni USAIDni muhofaza qilish uchun tezkor choralar ko‘rishga chaqirdi. USAID xodimlari sudga murojaat qilib, agentlikni faqat Kongress tarqatib yuborishi mumkinligini va Tramp ma’muriyatining harakatlari konstitutsiyaga zid ekanini ta’kidlagan.

Siyosiy yetakchilarning reaksiyasi

Demokratlar Trampning bu qaroriga keskin qarshi chiqdi. Sobiq Davlat kotibi Hillari Klinton USAID qisqartirilishini “inson huquqlariga qarshi zarba” deb atadi. Demokratlar USAIDni saqlab qolish uchun Kongressda qarshi chiqish rejalari ustida ishlayotganini bildirdi.

Respublikachilarning ba’zi a’zolari esa bu islohotni qo‘llab-quvvatlab, USAID faoliyatini kamaytirish orqali byudjet xarajatlarini optimallashtirish mumkinligini ta’kidlamoqda.

USAID qisqartirilishi qanday global muammolarni kuchaytiradi?

USAID dunyo bo‘ylab yuzlab mamlakatlarga insonparvarlik yordami yetkazib beruvchi asosiy tashkilotlardan biri hisoblanadi. Uning qisqartirilishi quyidagi global muammolarni chuqurlashtirishi mumkin:

— Ocharchilik va oziq-ovqat inqirozi kuchayadi.

— Kasalliklarning oldini olish bo‘yicha dasturlar to‘xtatiladi.

— Qashshoqlikka qarshi kurash sustlashadi.

— Urush va mojaro hududlarida insonparvarlik yordami kamayadi.

AQShning bu qarori xalqaro maydonda ham tanqidlarga uchramoqda. Inson huquqlari tashkilotlari va xalqaro donorlar USAID qisqartirilishi dunyoda millionlab insonlarning hayotini xavf ostida qoldirishi mumkinligini aytmoqda.

Agentlik kelajagi mavhum bo‘lib qolmoqda

USAID xodimlari Trump ma’muriyatining agentlikni qisqartirish qaroriga qarshi sudga murojaat qilib, norozilik namoyishlarini kuchaytirayotgan bir paytda, Kongress bu borada qanday qaror qabul qilishiga ko‘pchilik ko‘z tikkan. 

Avvalroq, USAID’ning tugatilishi O‘zbekistondagi bir qancha proyektlarga ham bevosita ta’sir o‘tkazishi haqida ma’lumot bergan edik.

Теги :
Jamiyat