$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Putin urushni to‘xtatish niyatida emas

urush

Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiy xarajatlarni rekord darajaga ko‘tarib, kelgusi uch yilga mo‘ljallangan byudjet rejalarini tasdiqladi. Hujjat Huquqiy axborot portalida e’lon qilindi.

Daromaddan xarajat ko‘proq

Putin “2025-yil va 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan federal byudjet to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Davlat dumasi uni 21-noyabrda qabul qildi, Federatsiya kengashi esa 27-noyabrda ma’qulladi.

Hujjatga ko‘ra, 2025-yilda Rossiya byudjeti daromadlari 40,3 trillion rubl (376 milliard dollardan ziyod, YIMning 18,8 foizi), xarajatlari esa 41,47 trillion rubl (387 milliard dollardan ortiq, YIMning 19,3 foizi) darajasida bo‘lishi kutilmoqda. Shu tariqa byudjet taqchilligi 1,17 trillion rublni tashkil etadi.

Harbiy xarajatlar uchun ajratilgan pul byudjetning 32,5 foiziga teng

Harbiy ehtiyojlar uchun 2025-yilgi xarajatlar 13,5 trillion rubldan (126 milliard dollardan ortiq) iborat. Bu mamlakat umumiy byudjetining qariyb 32,5 foiziga teng. 2024-yilda milliy mudofaa xarajatlari esa 28,3 foiz bo‘lgan. 

Mutaxassislarga ko‘ra, bu yo‘l bilan Moskvaning urushga va kuch ishlatuvchi tuzilmalarni ta’minlashga sarflaydigan xarajatlari ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy siyosat va milliy iqtisodiyotga ajratilgan mablag‘larning umumiy miqdoridan oshib ketadi.

Keyingi ikki yillikda harbiy xarajatlar kamayadi

2026-2027-yillarda harbiy xarajatlar biroz kamayadi: mos ravishda 12,8 va 13,1 trillion rubl bo‘ladi.

“Milliy xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish” moddasi bo‘yicha, ya’ni kuch tuzilmalarining faoliyatiga yo‘naltiriladigan xarajatlar 2025-yilda 3,5 trillion rublni tashkil etadi. “Milliy mudofaa” bilan birgalikda bu federal byudjetning 41 foiziga to‘g‘ri keladi.

Ukraina mudofaa uchun qancha mablag‘ ajratmoqda?

Ukraina 2025-yil uchun davlat byudjetidan mudofaa va xavfsizlik sektorlariga rekord darajadagi 54,2 milliard dollar (2,23 trillion grivna) ajratdi. Shundan 17,96 milliard dollari (739 milliard grivna) qurol-yarog‘ ishlab chiqarish, xarid qilish va dronlar uchun mo‘ljallangan.