Shanba, 24-oktabr, 2026
Havo 66 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +18° kechasi +6°

26 nafar muhojir Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzoladi

Ma’lumot uchun, 2024-yilda Rossiya tomonidan Ukrainadagi urushga yollanib, sudlangan o‘zbekistonliklar soni 10 nafardan oshgan. Xo‘sh, shartnoma imzolaganlar orasida bu safar ham o‘zbekistonliklar bormi?

2 daqiqa o‘qiladi

26 nafar muhojir Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzoladi

2024-yilda Lyubertsi shahrida 26 nafar muhojir Rossiya Mudofaa vazirligi bilan Ukrainadagi urushda qatnashish uchun shartnoma imzolagan, deb xabar bermoqda Riamo.ru nashri. Keltirilishicha, ular orasida Tojikiston, O‘zbekiston, Belarus va Moldova fuqarolari ham bor.

Yana quruq ogohlantirish bilan cheklanamizmi?

2022-yilda boshlangan Rossiya-Ukraina urushining dastlabki oylaridayoq rus qo‘shinlari safiga yollanayotgan o‘zbeklar haqidagi videolar va xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Ammo jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lgan bu xabarlarga hukumat darajasida e’tibor berilmadi. O‘tgan 2,5 yil davomida O‘zbekiston Rossiya tomonidan urushga yollanayotgan fuqarolarni quruq ogohlantirishdan nariga o‘tmay keldi. Rossiya hukumati vakillarini bir necha bor O‘zbekistonda quchoq ochib kutib olgan bo‘lsalar-da, biron marta ular oldiga o‘zbekistonliklarni urushga jalb qilmaslik borasidagi aniq talablarni qo‘ygan emas.

Huquqshunos Botirjon Shermuhammaddan tavsiyalar

Aytish kerakki, o‘z mamlakati tashqarisida harbiy mojarolarda qatnashish muhojirlar uchun jiddiy huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Masalan, O‘zbekiston va Tojikistonda fuqarolarning xorij armiyasida yollanma askar sifatida ishtirok etgani uchun jinoiy javobgarlikka tortuvchi qat’iy qonunlar mavjud. Ushbu qonunlarning buzilishi bir necha yillik qamoq jazosiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday harakatlar, shuningdek, vataningizga qaytish huquqini yo‘qotishi yoki reintegratsiya jarayonlarini murakkablashtirishi mumkin. Shuning uchun migrantlar bunday shartnomalarni qabul qilishdan oldin xavf va mas’uliyatni his qilishlari lozim, hatto bu iqtisodiy qiyinchiliklar yoki deportatsiyadan qochishning bir usuli sifatida qaralsa ham. Harbiy harakatlarda qatnashish orqali pul topish yoki o‘zini qonuniylashtirish yo‘llarini izlayotgan migrantlar nafaqat o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yishadi, balki oila a’zolari ham mashaqqatlarga duch kelishadi. Rossiya hukumati chet elliklarni kontrakt xizmatiga faol targ‘ib qilishi davom etmoqda.

“Migrantlarga tavsiyamiz: xorijiy armiya tarkibida qurolli mojarolarda qatnashib, o‘zingiz va oilangizning kelajagini xavf ostiga qo‘ymang”, deb yozmoqda huquqshunos, Migrant.uz loyihasi muallifi Botirjon Shermuhammad.

Avvalroq Ukrainaga qarshi urushda qatnashishni rejalashtirgan o‘zbekistonliklarning qismati nima bo‘lgan edi?

24-iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tuman sudi yollanishda ayblangan fuqaroga nisbatan hukm chiqargan edi. O‘zbekiston fuqarosi fevralda Rossiya armiyasida xizmat qilish uchun shartnoma imzolagan, biroq jangovar tayyorgarlikni tamomlab, harbiy lagerdan qochib, uyiga qaytgan. Sud jazoni yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olib, unga “Yollanish” moddasi bo‘yicha uch yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinlangan.

Qalampir.uz nashri xabar berishicha, 2024-yilning o‘zida Rossiya Federatsiyasi nomidan Ukrainadagi urushga jalb qilinib, yollanib, sudlangan o‘zbekistonlik qorako‘zlar soni 10 dan oshiq. Urush qatnashchilarining aksar qismi vatanga qaytgach, Jinoyat kodeksining turli moddalariga asoslanib, sud hukmi o‘qilgan.