$
 12672.81
79.04
 14753.69
55.5
 158.89
0.4
weather
+26
Кечаси   +14°

Zomin tog‘lari UNESCO Butunjahon milliy tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritilishi mumkin

Zomin

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2023-yil 31-avgustdagi PF-81-son Farmonining 12-bandi ijrosini ta’minlash doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan Zomin tog‘lari milliy tabiiy meros obyekti dastlabki nomzodnoma hujjati tayyorlanib, UNESCO Butunjahon merosi markaziga taqdim etish uchun UNESCO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasiga yuborildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar bermoqda.

Tadqiqotchi-ekspertlar ekspeditsiyalari davomida olgan ilmiy ma’lumotlarga asoslanib

Mazkur nomzodnoma Ekologiya vazirligi mutaxassislari, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi “H.M.Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti” davlat muassasasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya va Botanika institutlari, shuningdek, O‘zbekiston Milliy universiteti tadqiqotchi-ekspertlaridan iborat ishchi guruh tomonidan Zomin davlat qo‘riqxonasi va Zomin milliy tabiat bog‘iga amalga oshirilgan ekspeditsiyalar davomida olingan ilmiy ma’lumotlardan foydalanilgan holda tayyorlandi.

O‘zbekistonda UNESCOga kiritilgan milliy tabiiy meros obyektlari

Ta’kidlash joizki, Zomin tog‘lari O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan buyon UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga nomzodnomasi taqdim etilayotgan ilk milliy tabiiy meros obyektidir. Hozirga qadar mazkur nufuzli ro‘yxatga transchegaraviy tabiiy obyektlar - G‘arbiy Tyan-Shan tog‘i (2016-yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston tomonidan kiritilgan) va Mo‘tadil mintaqadagi Turon sahrolari (Ustyurt platosi/2023-yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston tomonidan kiritilgan) kiritilgan.

Shuningdek, mamlakatimiz hududidagi Chotqol biosfera qo‘riqxonasi 1978-yilda va Quyi Amudaryo davlat biosfera qo‘riqxonasi (2021-yilda) UNESCOning Butunjahon biosfera rezervatlari tarmog‘idan joy olgan.

Ikki yil ichida ko‘rib chiqiladi

Ayni vaqtda Zomin tog‘lari milliy tabiiy meros obyekti dastlabki nomzodnomasi UNESCO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasi tomonidan UNESCOning Butunjahon merosi markaziga yuborildi. UNESCO mezonlariga muvofiq qabul qilingan nomzodlar ikki yil ichida ko‘rib chiqiladi.