$
 12957.14
29.97
 14702.47
-15.11
 156.56
0.83
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

Litsenziyasiz “Umra” tadbirini tashkil etgan firmalar moliyaviy jarimaga tortildi

Umra

Qonun buzilish holati yuzasidan Litsenziyasiz “Umra” tadbirini tashkil etgan firmalar moliyaviy jarimaga tortildi.

Firmalarga 75 million so‘m miqdorida jarima belgilangan

Ma’lum qilinishicha, din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasiga ko‘ra Toshkent viloyati, Angren shahrida joylashgan “Nazir travel N1” MCHJ va “Bonu travel 000” MCHJ ga nisbatan litsenziyasiz “Umra” tadbirini tashkil etgani uchun moliyaviy jarima qo‘llanildi.

“Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha faoliyat uchun litsenziya olish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari BHMning 200 baravari (75 mln. so‘m) etib belgilangan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita fuqarolarni “Umra” amallarini munosib va xavfsiz bajarishlari uchun ogoh bo‘lishlari va keyinchalik turli ko‘ngilsiz holatlarga tushib qolmasliklari maqsadida ishonchli va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishlarini tavsiya etadi

Bu birinchi marta kuzatilayotgan holat emas

Eslatib o‘tamiz, bu holat birinchi bor sodir bo‘lmayapti. Avval ham bir necha bor “Umra” tadbirlarini noqonuniy tashkil etgan “firma”larga chora ko‘rilgan edi.

Jumladan, Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahrida faoliyat yuritayotgan “Xurmo travel umra” MCHJ (Saxiy travel) fuqarolarga litsenziyasiz “Umra” tadbirlarini tashkil etgani aniqlangan. Tekshiruvlar davomida O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonuni talablariga rioya qilinmagan. Shu sababli mazkur tashkilotga nisbatan 200 BHM (75 mln. so‘m) miqdorida jarima belgilangan.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati Denov shahrida “Anor tour”, Toshkent shahri Chilonzor tumanida esa “Sokin travel” nomlari ostida jismoniy shaxslar davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan “Umra” tadbirlarini tashkil etayotgani fosh qilindi. Ushbu holatlarga oid hujjatlar huquq-tartibot organlariga yuborilib, tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishi uchun topshirildi.

“Xolis niyatli tadbirkor”

Noqonuniy Umra tadbirlarini tashkil etish faqat firmalar faoliyati bilan cheklanib qolmasdan, fuqarolar ham ushbu faoliyat bilan shug‘ullanayotganligi aniqlangan.

Xususan, 2024-yilding 10-dekabr kuni Samarqand viloyatida o‘tkazilgan maxsus tadbirda noqonuniy tarzda “Umra” tadbirlarini tashkil etib kelgan turfirmaga nisbatan tegishli tartibda chora ko‘rilgan. Samarqand shahrida joylashgan “Atlas avia tour” turistik firmasining 2002-yilda tug‘ilgan xodimi fuqaro A.D.ga tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan holda “Umra” ziyoratiga yuborishini va’da qilib, boshqa fuqarolardan 3 600 AQSH dollari olayotgan vaqtda jinoyat ustida qo‘lga olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vazirlar Mahkamasi Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq yangi tartiblarni belgilagan edi. Jumladan, Umra tadbirlarini tashkil etuvchilar 1 million dollar mablag‘ni “Ziyorat jamg‘armasi”ga zaxira qilib qo‘yishlari shart. Qarorda, shuningdek, ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassisni tayinlash; turfirma shtatida diniy (islomiy) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bir nafar mutaxassisning mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumot; voyaga yetmagan fuqarolarga xizmat ko‘rsatmaslik; o‘z faoliyatini turoperator va turagentlar orqali amalga oshirmaslik kabi talablar ham belgilangan.