$
 12074.28
37.07
 14218.67
147.17
 160.86
1.24
weather
+26
Кечаси   +14°

Kelishuv yoki qirg‘in: Tramp Eronga so‘nggi talabini qo‘ydi

ultimatum

Oxirgi kunlarda AQSh va Eron atrofidagi vaziyat yana butun dunyo e’tiborini tortmoqda. Bir tomondan tinchlik muzokaralari haqida gaplar ko‘payayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan esa urush yana kuchayishi aytilyapti. AQSh prezidenti Donald Trump Truth Social sahifasida Eronga ochiqdan-ochiq tahdid qildi. Agar Tehron tinchlik kelishuvini imzolamasa, AQSH avvalgidan ham dahshatliroq bombardimon boshlashini aytdi. Xo‘sh, bu safar kelishuv bo‘ladimi?

“Kelishuv bo‘lmasa, hujumlar kuchayadi”

Donald Trump Truth Social’dagi postida AQShning “Operation Epic Fury” nomli harbiy amaliyoti Eron kelishuvga rozi bo‘lsa to‘xtatilishini yozdi. Uning aytishicha, agar Tehron avvaldan kelishilgan shartlarni qabul qilsa, AQSh Eron portlariga qo‘ygan dengiz blokadasini yumshatadi va Hormuz bo‘g‘ozi yana barcha davlatlar uchun ochiladi. Bu Eron uchun ham katta yengillik bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, Tramp juda keskin ogohlantirish ham berdi. Unga ko‘ra, agar Eron bitimga rozi bo‘lmasa, bombardimonlar avvalgidan ham kuchli va shiddatli bo‘ladi. Aynan shu paytda Axios nashri AQSh va Eron urushni tugatish uchun 14 banddan iborat hujjat ustida deyarli kelishib bo‘lganini yozdi. Xabarlarga qaraganda, AQSh keyingi 48 soat ichida Erondan javob kutmoqda.

Bu yangiliklar bozorlarni ham harakatga keltirdi. Aksiyalar ko‘tarilib, neft narxlari esa tushdi. Sababi investorlar urush tugashi mumkinligiga umid qila boshladi. Lekin Tramp keyinroq hali tinchlik muzokaralari haqida katta xulosalar qilishga erta ekanini aytdi. U PBS News’ga bergan intervyusida urush tugash ehtimoli yuqori ekanini aytib, agar bu bo‘lmasa yana kuchli hujumlar bo‘lishini ham yashirmadi.

Eron ehtiyotkor javob qaytarmoqda

Tramp harbiy oilalar bilan uchrashuvda Eron aslida kelishuv qilishni juda xohlayotganini aytdi. Uning fikricha, endi hamma gap bu bitim AQShni qoniqtiradimi yoki yo‘qligida. Keyinroq Oq uyda Exxon Mobil va Chevron kabi yirik neft kompaniyalari rahbarlari bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. U yerda asosan Venesuela va neft masalalari muhokama qilingan. Tramp kompaniyalar boshqa hududlarga kirishga qiziqayotganini aytdi, ammo Eron bo‘yicha aniq tafsilot bermadi.

Eron esa bu masalada shoshilmayapti. Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismail Baqai Tehron hali taklifni o‘rganayotganini ma’lum qildi. U muzokaralar bosim yoki majburlash emas, haqiqiy muloqot bo‘lishi kerakligini aytdi. Uning fikricha, muzokara degani bir tomonni qo‘rqitish yoki buyruq berish emas.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa Wang Yi bilan uchrashib, Xitoy va Eron bir-birini qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Aroqchi Eron Xitoyga ishonishini va ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlik yanada kuchayishini ta’kidladi.

Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat hammani xavotirga soldi

Muzokaralarda ko‘rilayotgan hujjatga ko‘ra, Eron yadroviy boyitishni vaqtincha to‘xtatishi mumkin. Evaziga AQSh sanksiyalarni yumshatadi va ikki tomon Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatiga qo‘yilgan cheklovlarni kamaytiradi. Bu bo‘g‘oz dunyo neft savdosi uchun juda muhim yo‘l hisoblanadi. Shu sababli u yerdagi har qanday muammo butun dunyo iqtisodiyotiga ta’sir qiladi.

7-apreldan beri AQSh va Eron o‘rtasida vaqtinchalik sulh saqlanib turibdi. Bu muzokaralar uchun imkon yaratgan bo‘lsa-da, vaziyat hali ham juda nozik. Shu hafta Eron Hormuz orqali o‘tayotgan savdo kemalariga yordam berayotgan AQSh kuchlariga hujum qildi va BAAsga ham yangi zarbalar yo‘lladi. AQSh esa savdo kemalariga halaqit bermoqchi bo‘lgan olti kichik Eron qayig‘ini yo‘q qilganini ma’lum qildi.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi yana bir Eron neft tankerini ham to‘xtatganini bildirdi. Aytilishicha, tanker davom etayotgan blokadani buzishga uringan va unga qarshi to‘pdan o‘q uzilgan. Shu bilan birga, Tramp seshanba kuni “Project Freedom” deb nomlangan harbiy operatsiyani vaqtincha to‘xtatganini aytdi. U Eron bilan “to‘liq va yakuniy kelishuv” sari katta qadam tashlanganini ham yozdi.

Теги :
Jamiyat