$
 12834.61
44.18
 14662.26
175.82
 162.65
0.05
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

O‘zbekiston Osiyo Kubogiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi

U17

Bugun Xitoy Taypeyida U17 Osiyo Kubogi saralash bosqichining 3-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston — Iroq 

Bugun U17 Osiyo Kubogi saralashidan o‘rin olgan O‘zbekiston — Iroq bellashuvi bo‘lib o‘tdi. Nurbek Sarsenboyev tomonidan 60-daqiqada kiritilgan gol evaziga O‘zbekiston U17 jamoamiz nisbatan kuchli ko‘ringan tengqurlari — Iroq ustidan g‘alaba qozonishdi. Mazkur natija orqali kelasi yilning Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan qit’a turnirining final raundiga yo‘l oldi. 

Guruhdagi holat

O‘zbekiston U17 milliy jamoasi Osiyo Kubogi saralash bosqichini 9 ochko bilan guruhda peshqadam bo‘lib yakunladi. Islom Ismoilov shogirdlari avvalgi turlarda Falastin (3:0) va Xitoy Taypeyidan (1:0) ustun kelgandi. Jamoamiz guruh bosqichidagi uchta o‘yinda uchta g‘alabaga erishgan holda, birinchi o‘rin bilan Osiyo Kubogiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Musobaqa 2025-yilning 3—20-aprel kunlari Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadi. 

 Jahon chempionatiga yo‘llanma olishga va‘da beramiz

O‘zbekiston U-17 jamoasi bosh murabbiyi Islom Ismoilov uchrashuvdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi:

Bugun O‘zbekiston U-17 jamoasi Osiyo kubogiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Jamoa bosh murabbiyi sifatida aytishim mumkinki, biz 2,5 yil davomida aynan ushbu bosqich uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Fransiya, Vengriya, Belarus, Xitoy singari mamlakatlarda yig‘inlar tashkil etdik va mezbon jamoalarga qarshi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazdik. Shuningdek, yurtimizdagi Milliy terma jamoalar markazida Osiyo va jahonning bir qator yetakchi terma jamoalari bilan o‘ynadik. Mirabror Usmonov kubogi va CAFA turnirlarida ishtirok etib, g‘olib va sovrindor bo‘ldik, Eng asosiysi, bizning jamoa eng muhim bosqichga munosib tayyorgarlik ko‘rishi uchun barcha imkoniyatlarga ega bo‘ldik. Buning uchun, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbarlari Abdusalom Abdumavlonovich Azizov, Ravshan Sayfiddinovich Irmatov va Odil Olimjonovich Ahmedovga, O‘FA terma jamoalar markazi rahbari Usmon Qudratovich Toshevga jamoamiz nomidan ulkan tashakkur bildirmoqchiman. Bundan tashqari jamoamizdagi murabbiylar shtabiga, shifokorlarimizga, har bir futbolchilarimiz, ularni tarbiya qilgan ota-onalari va murabbiylariga hamda yurtimizdagi OAV vakillariga ham rahmat aytaman. Biz Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri ekanizmini yana bir bor isbotlay oldik va nasib bo‘lsa 2025-yil Saudiya Arabistoni mezbonlik qiladigan Osiyo kubogida chempionlik uchun kurashib, Jahon chempionatiga yo‘llanma olishga va‘da beramiz.

Ma’lumot uchun, Osiyo Kubogi U17 bahslariga saralash bosqichidagi 10 ta guruh g‘olibi va eng yaxshi natija ko‘rsatgan 2-o‘rindagi 5 ta jamoa yo‘l oladi.