Turkmaniston hukumati Yangi yil bayramini nishonlashni taqiqladi
Qiziqarlisi, o‘tgan yili davlat televideniyesi Berdimuhamedovlar oilasi Yangi yilni nafis xonada, ko‘plab archalar fonida qanday nishonlagani, prezidentning eng kichik farzandlari esa an’anaviy Yangi yil muhitida pianino chalib, qo‘shiq kuylaganini namoyish qilgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Ma’lumotga ko‘ra, Maryam viloyati hokimligi oliy o‘quv yurtlaridan haydalish tahdidi ostida talabalarga ziyofat uyushtirish va Yangi yilni nishonlashni taqiqlagan.
Viloyat rahbariyati talabalardan Yangi yil arafasida “kafelarda yoki uyda ziyofat uyushtirmasliklari, shahar bo‘ylab sayr qilmasliklari” haqida tilxat olishgan. Qolaversa, ular mahalliy hokimiyat organlari tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etishlari shart bo‘lgan. Tadbir tugagach ular yotoqxonalarga qaytishlari kerak. Agar itoatsizlik bo‘lsa, talabalar o‘qishdan chetlatilishi ma’lum qilingan.
Maktablardagi vaziyat
Yuqorida qayd etilgan taqiqlar maktab o‘quvchilari uchun ham kiritilgan. Manbalarga ko‘ra, Ashxobod maktab o‘qituvchilari noyabr oyidayoq o‘quvchilarni Yangi yil bayramlarini nishonlash taqiqlanishi haqida ogohlantirgan. O‘qituvchilar ta’lim vazirligining do‘stlari yoki qarindoshlari bilan yig‘ilishlarni tashkil qilishni taqiqlovchi buyrug‘ini bunga sabab qilib ko‘rsatgan.
Yangi hukumat o‘zgarishlari
Turkmaniston hukumati so‘nggi bir necha yillar ichida Yangi yil bayramlarini cheklab kelmoqda. Avvaliga davlat idoralari va byudjet tashkilotlari xodimlariga, keyin esa boshqa fuqarolarga bayramni ommaviy ravishda nishonlash taqiqlandi. Yangi yil arafasida politsiya ko‘chalarda suratkashlar va hayvonlarning liboslari yoki niqob kiygan odamlarni hibsga oldi. Taqiq maktablar va bolalar bog‘chalariga ham ta’sir ko‘rsatdi. Serdar Berdimuhamedov hokimiyatga kelganidan keyin qattiq cheklovlarni joriy qildi.
Gurbanguli Berdimuhamedov davri
Ma’lumot uchun, uning otasi, sobiq prezident Gurbanguli Berdimuhamedov hukmronlik qilgan davrda dabdabali bazmlar uyushtirgan, bayramlarda qo‘shiqlar kuylagan va bularning barchasi davlat televideniyesi orqali ko‘rsatilgan. O‘tgan yili davlat televideniyesi Berdimuhamedovlar oilasi Yangi yilni nafis xonada, ko‘plab archalar fonida qanday nishonlagani, prezidentning eng kichik farzandlari esa an’anaviy Yangi yil muhitida pianino chalib, qo‘shiq kuylaganini namoyish qilgan.





