$
 12768.26
-62.87
 14400.04
-142.76
 162.63
1.56
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

Nima uchun "Sport" emas “ZorTV”?

Translyatsiya

O‘zbekistonda sportga ixtisoslashgan yagona kanal mavjud, ammo to‘rt yillikning takrorlanmas musobaqasi "Yevro-2024" “ZorTV” musiqiy-ko‘ngilochar telekanali orqali translyatsiya qilinmoqda. Xususiy telekanal davlat telekanalini ortda qoldirdimi?

Raqobat boshlandimi?

Bir necha kun avval O‘zbekiston milliy teleradiokanali tarkibidagi "Sport" telekanali uzoq kutilgan yangilik, Olimpiada o‘yinlari translyatsiyasi masalasini hal qilgani ma’lum bo‘ldi. Qiziqarlisi, translyatsiya sotib olingani ma’lum qilingunga qadar uni xususiy telekanallardan biri, aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, “ZorTV” telekanali sotib olish uchun harakat qilayotgani haqida mish-mishlar paydo bo‘lgandi. Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, yakka kurash ko‘rinishidagi musobaqalar translyatsiyasini yo‘lga qo‘ygan xususiy telekanal rostdan ham sport musobaqalaridan keluvchi daromad ta’mini "sezib" qolgan ko‘rinadi, endilikda u jamoaviy sport o‘yini bo‘lgan futbol translyatsiyasini ham yo‘lga qo‘ydi. 

"Yevro-2024" va "Copa America"

Endi asosiy savolga qaytsak, "Yevro-2024" o‘yinlari qay sababga ko‘ra ixtisoslashgan kanalda emas, ko‘ngilochar telekanalda namoyish etilmoqda. "Sport" telekanali faqatgina "Yevro-2024"ni emas, balki "Copa America" musobaqasini ham translyatsiya qilmadi. Tabiiyki, bu sport musobaqalarini yoritish va translyatsiya qilish uchun davlat tomonidan milliardlab sarmoyaga ochilgan maxsus sport telekanali bo‘la turib, chempionatni aynan xususiy ko‘ngilochar telekanalda kuzayotgan teletomoshabin uchun juda ajablanarli hol.

MTRK munosabati

Ma’lum bo‘lishicha, “ZorTV” telekanali “Yevro-2024” translyatsiyasi huquqini 1,2 million AQSH dollariga sotib olgan. “ZorTV” sarflangan ushbu summasini qoplab, foydaga kirganini chempionat doirasida qo‘yilayotgan reklamalardan ham bilish qiyin emas. Rost24 nashri mazkur imkoniyatdan nega "Sport" telekanali foydalana olmaganining sababini bilish uchun kanal direktori Zohid Karimov bilan bog‘lanadi. “Nega telekanal chempionatning translyatsiya huquqini sotib olmadi?”, degan savolga Z.Karimov “Bunga MTRK javob bera oladi, "Sport" katta chempionatlar translyatsiyalarini sotib olishga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralasha olmaydi”, degan javobni beradi. Shundan so‘ng ma’lumotlarga aniqlik kiritib, turli shubha-gumonlarga chek qo‘yish maqsadida, MTRK rahbariyati bilan bog‘lanishga harakat qilinadi. Ammo natija bo‘lmaydi. Iqtisodiy masalalar bo‘yicha rais o‘rinbosari Madamin Safarov va Moliya boshqarmasi ham qo‘ng‘iroqlarga javob bermaydi. MTRK raisining yordamchisi “bu masalalarga faqat raisning o‘zi javob bera oladi”, deya aloqani uzib, telefonini boshqa ko‘tarmaydi.

Saran Media va MTRK qarzdorligi

Ma’lumot uchun, sport bo‘yicha eng yirik xalqaro musobaqalarni Markaziy Osiyoga translyatsiya qilish huquqini Turkiyaning Saran Media kompaniyasi qo‘lga kiritgan. Bu kompaniya nega futbol bo‘yicha Yevropa Chempionatini O‘zbekistonning maxsus sport telekanaliga bermadi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Avvalo, translyatsiya huquqini sotib olgan kompaniya kim ko‘proq narx taklif qilsa, shunga beradi. Yana boshqa bir ma’lumotlarga ko‘ra, MTRK Turkiyaning Saran Media kompaniyasidan oldingi shartnomalar bo‘yicha qarzdor ekanligi aytiladi. Shunday ekan, davlat byudjetidan milliardlar ajratiladigan maxsus sport telekanalimiz katta daromad keltiradigan xalqaro musobaqa translyatsiyasi huquqini nega sotib olmagani sirligicha qolmoqda.