“O‘zbek Ronaldusi” O‘zbekistonga qaytdi
Namanganning “Navbahor” jamoasi O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Sardor Rashidov bilan shartnoma imzolaganini e’lon qildi.
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganning “Navbahor” jamoasi O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Sardor Rashidov bilan shartnoma imzolaganini e’lon qildi.
Mish-mishlar o‘z tasdig‘ini topdi
Avvalroq futbolchi "lochinlar" bilan muzokaralarning final qismida ekanligi haqida xabarlar tarqala boshlagandi. Undan avval esa Rashidov ertalabki mashg‘ulotlarda jamoa bilan ishtirok etgani haqida ma’lumotlar bor edi. Vinger qishki transferlar oynasida "Dubay Siti" safiga borib qo‘shilgan. 30-iyun kuni esa arablar bilan tuzilgan shartnoma muddati tugagan va futbolchi erkin agentga aylangan edi. "Navbahor"ga xush kelibsiz, Sardor Rashidov! "Lochinlar" tarkibidagi faoliyatingizda omad yor bo‘lib, jamoamizning g‘alabalariga munosib hissangizni qo‘shishingizga tilakdoshmiz!" - deyiladi namanganliklarning rasmiy bayonotida.
Rashidovning faoliyatdagi klublar
Sardor Rashidov 1991-yilning 14-iyun kuni Jizzax shahrida tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyati davomida “Bunyodkor” (Toshkent, 2010 – 2015-yillar), Qatarning “Al-Jaish” (Ar-Rayyan, 2015-2017-yillar), BAAning “Al-Jazira” (Abu-Dabi, 2017-yil), “Lokomotiv” (Toshkent, 2018-yil), Portugaliyaning “Nasonal” (Funshal, 2019-yil), Qatarning “Qatar” SK (Doxa, 2019 – 2020-yillar), “Paxtakor” (Toshkent, 2021-yilning 1-davrasi, 2022-yilning 1-davrasi, 2023-yilning 1-davrasi), Quvaytning “Al-Quvayt” (Al-Quvayt, 2021-yil), Qatarning “Umm Salal” (Al-Rayyan, 2022-yil), BAAning “Dubay Siti” (Dubay, 2024-yil) jamoalarida o‘ynagan.
Yutuqlar
Futbolchi O‘zbekistonning 4 karra chempioni (2010-2011, 2013, 2018-yillar) va O‘zbekiston milliy chempionatning kumush (2012-yil) medali sohibidir. U Uch marta O‘zbekiston kubogini (2010, 2012 – 2013-yillar) hamda ikki marta O‘zbekiston superkubogini (2014, 2021-yillar) qo‘lga kiritgan. 2015-yilda O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi nomiga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, Rashidov O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida 2013-2021-yillarda 50 ta o‘yinda maydonga tushib, 13 ta gol urgan.



