$
 12354.65
48.85
 14384.52
-4.65
 153.93
1.37
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish uchun nimalar qilish kerak?

turizm tourism tourist turist sayyoh

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tomonidan 2024-yilning III-choragida (iyul-sentyabr) O‘zbekistonda turizm sohasida qayd etilgan natijalar tahlil qilindi.

Sayyohlar oqimi o‘tgan davrga nisbatan oshdi

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida 2030-yilga qadar xorijiy sayyohlar sonini 15 million nafarga, ichki sayyohlar sonini 25 million nafarga, turizm xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga yetkazishga alohida e’tibor berilgan. Turizmni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekistonda ushbu sohada sezilarli yutuqlarga erishilmoqda. 2024-yilning III choragida O‘zbekistonga kelgan xorijlik sayyohlar soni 2,2 million nafarga yetdi. Bu joriy yilning II choragiga qaraganda 1,1 barobar ko‘p, ya’ni 2024-yilning II choragida xorijlik sayyohlar soni 2 million nafarni tashkil qilgandi.

Sayyohlar asosan MDH davlatlaridan

2024-yilning III choragida O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlarning 90,3 foizi MDH davlatlariga to‘g‘ri keladi (joriy yilning II choragida ushbu ko‘rsatkich 90,1 foizni tashkil qilgan). Shuningdek, tashrif buyurgan sayyohlarning safar maqsadlari bo‘yicha tahlil qilinganda, qarindoshlarni yo‘qlash – 79 foiz (joriy yilning II choragida – 80 foiz), bo‘sh vaqt va dam olish – 15,5% (joriy yilning II choragida – 17,9 foiz), tijorat – 2,2% (joriy yilning II choragida – 1,9 foiz) va xizmat yuzasidan – 1,9 foiz (joriy yilning II choragida – 2,2 foiz) ekanligi aniqlandi.

O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy fuqarolarning asosiy yosh toifasi 31–55 yoshni tashkil etib, umumiy sayyohlar sonining o‘rtacha 50 foizini tashkil qiladi.

Turistlarni O‘zbekistonga jalb qilish maqsadida nima ishlar amalga oshirildi?

Yangi mehmonxona/xostellar - 2024-yilning III choragida sayyohlarga turistik xizmatlari ko‘rsatish maqsadida 271 ta turoperator va turagentlar (joriy yilning II choragida – 193 ta), joylashtirish vositalari bo‘yicha 29 ta mehmonxonalar (joriy yilning II-choragida – 40 ta) va 80 ta xostellar (joriy yilning II choragida – 51 ta) yaratildi.

Forum tadbirlari - Uzbekistan Airways, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi huzuridagi Milliy PR Markazi va o‘zbek turizm kompaniyalari bilan birgalikda Malayziya va Indoneziyada (2024 y., aprel), Rossiya Ferderatsiyasida (sentyabr), Koreya va Hindistonda (oktyabr) oylarida bo‘lib o‘tgan xalqaro Road Show tadbirlarida ishtirok etdi. Forumning maqsadi O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati va madaniy merosini targ‘ib qilish, shuningdek, mamlakatlar sayyohlik kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat edi.  

Xorijliklar e’tirofi - CNN Travel O‘zbekistonni 2024-yilda tashrif buyurish tavsiya etiladigan 24 davlat ro‘yxatiga kiritdi. Shuningdek, ro‘yxatda Grenlandiya, Texas Hill Country, Florida shtatidagi chuchuk suvli buloqlar, Marokash, Merida, Meksika, Singapur qirg‘oq bo‘yi orollari, Galisiya, Ispaniya va boshqa joylar ham bor.

Ma’lumot uchun, 2018-yilda dunyodagi 80 ta mamlakat fuqarolariga O‘zbekistonga kelish uchun vizasiz tartibdan foydalanishni joriy qilinishi xorijiy sayyohlar sonini sezilarli darajada oshishdi (2018-yil– 5,3 million nafar va 2019-yil – 6,7 million nafar).

O‘zbekiston jahon pasportlari reytingida 80-o‘rinda

O‘zbekiston Henley & Partners konsalting kompaniyasining jahon pasportlari reytingida 80-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston fuqarolari vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan davlatlar soni 31 ta, kirib kelganda viza olish kerak bo‘lgan davlatlar soni 28 ta va elektron viza olish mumkin bo‘lgan davlatlar soni 18 tani tashkil qiladi.

O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish uchun nimalar qilish kerak?

O‘zbekistonning jahon miqyosida turistik jozibadorligini oshirish maqsadida quyidagi asosiy yo‘nalishlarga e’tibor qaratish lozim:

Viza imkoniyatlari - 2025-yilga qadar xorijiy mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga kelishi uchun vizasiz

tartibdan foydalanish imkoniyatini yanada ko‘paytirish, ya’ni amaldagi 90 ta mamlakatlar sonini 120 taga etkazish, xorijiy sayyohlar sonini 20 foizgacha oshirish imkonini beradi;

Yoshlarni ko‘proq jalb qilish - Yoshlar auditoriyasini (19–30 yosh toifasi) jalb qilish maqsadida inflyuenserlardan foydalangan holda Instagram va Facebookda aksiyalarni joriy qilish (kutilayotgan qamrov soni – birinchi yilda 1 million foydalanuvchigacha);

Infratuzilmaga e’tibor - Infratuzilmani yaxshilash, ya’ni ekomehmonxonalarga e’tibor qaratgan holda mashhur sayyohlik joylarida 100 ta yangi mehmonxonalar qurish (kutilayotgan turar joylar sonining ko‘payishi 15000 tacha);

Ichki turizm - Ichki turizmni rivojlantirish, ya’ni 2025-yilda mahalliy sayyohlar sonini 40 foizga yetkazishni maqsadida, yosh bolali oilalar uchun ekskursiyalar va mehmonxonalarga chegirmalar taqdim etuvchi “Oilaviy ta’til” dasturini joriy etish;

Turizm klasterlarini ko‘paytirish - hududlarda turizm klasterlarini (masalan, Buxoroda madaniy klaster va Toshkent viloyatida ekoklaster) yaratish, natijada 2025-yilda ushbu zonalarda mahalliy sayyohlar sonini 30 foizgacha oshirish.

Ma’lumot uchun, Turizm klasteri joylashtirish joylari, mehmonxonalar, restoranlar, kafelar, muzeylar, dam olish markazlari rahbarlari, turizm operatorlari, esdalik sovg‘alari ishlab chiqaruvchilar, gidlar, o‘qituvchilar, talabalar, frilanserlar, shuningdek, turizm bilan bog‘liq boshqa shaxslar va tashkilotlarni birlashtiradi.