Ular uchun yutqazganimdan xursandman — Nursulton Ro‘ziboyev
O‘zbekistonlik UFC jangchisi Nursulton Ro‘ziboyev bukmekerlik o‘yinlarida mag‘lub bo‘lgan muxlislariga ijtimoiy tarmoqdagi o‘z sahifasida murojaat yo‘lladi.
2 daqiqa o‘qiladi

Kecha tongda AQSHning Sent-Lyuis shahrida "UFC Fight Night" turniri bo‘lib o‘tdi. Ushbu turnir doirasida hamyurtimiz Nursulton Ro‘ziboyev oktagonga ko‘tarilib, amerikalik Xoakin Bakliga ochkolar evaziga mag‘lub bo‘ldi. Ushbu natija Nursulton uchun UFC’dagi ilk mag‘lubiyat. Hamyurtimiz jangdan so'ng ijtimoy tarmoqdagi o'z sahifasida bukmekerlik o‘yinlarida mag‘lub bo‘lgan muxlislariga murojaat yo'lladi.
“Pullaringizni oilangizga, o‘zlaringizga, yaxshi narsalarga ishlatinglar”
"Ko‘pchilik yozyapti. Sizni deb pul yutqazdik. Uyimizni sotgandik, mashinamizni sotgandik, yutqazdik deyapti. Shulardan uzr so‘ramayman. Aksincha xursand bo‘ldim. Shular uchun yutqazganimga xursandman. Men bu narsani bir umr aytib, qaytarganman. Bo‘lmaydi, bunday qilmanglar deganman. Tayyor pullaringizni oilangizga, o‘zlaringizga, yaxshi narsalarga ishlatinglar deganman. Harom narsaga ishlatmasdan. Shuning uchun bu (murojaat), ayrim odamlarga, ko‘pchilikka tegishli emas. Menga bunday gaplaringizni qayta yozmangizlar. Aql o‘rgatmanglar, aql o‘rgatadigan odamlarim bor." — deydi sportchi.
Bonuslar masalasi
Ma'lumot uchun, janglar yakunlangach, turnir tashkilotchilari oqshomda boshqalardan ajralib turgan jangchilar uchun mo‘ljallangan bonus sohiblarini e’lon qilishdi. Eng yaxshi jang sifatida Billi Goff va Trey Uoters o‘rtasidagi to‘qnashuv tan olindi. Uch raund to‘liq davom etgan ushbu jangda Uoters hakamlarning yakdil (30-27, 30-27, 29-28) qarori bilan g‘alaba qozongandi. Har ikki jangchi ham 50 ming dollarlik chekni qo‘lga kiritishdi. Shuningdek, yorqin janglari uchun Diyego Ferreyra va Karlos Ulberg ham kafolatlangan gonorardan tashqari qo‘shimcha 50 ming dollarlik mukofot pulini ham qo‘lga kiritdi. Diyego uchinchi raundda Mateush Rebetskini texnik nokautga uchratgan bo‘lsa, Karlos birinchi raundning 12-soniyasidayoq Alonzo Menifildni nokaut evaziga yengdi.



