Shanba, 24-oktabr, 2026
Havo 75 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +11° kechasi +6°

Toshkent dunyoning yashash uchun eng qulay shaharlari reytingida quyi pogʻonani qayd etdi

Reytingda ketma-ket uchinchi yil Vena yashash uchun eng qulay shahar deb topildi. Undan keyingi oʻrinlarni Kopengagen va Syurix egalladi.

2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent dunyoning yashash uchun eng qulay shaharlari reytingida quyi pogʻonani qayd etdi

Britaniyaning The Economist jurnali tahliliy boʻlimi – Economist Intelligence Unit (EIU) dunyoning yashash uchun eng qulay shaharlari reytingini e'lon qildi.

Reyting 100 ballik tizim asosida tuzildi

Reytingda dunyoning 173 shahri barqarorlik, atrof-muhit, sogʻliqni saqlash, infrastruktura va ta'lim koʻrsatkichlari boʻyicha 100 balli tizimda baholandi. 

Vena - yashash uchun eng qulay shahar

Vena ketma-ket uchinchi yil yashash uchun eng qulay shahar deb topildi. Avstriya poytaxti barqarorligi, yaxshi infratuzilmasi, sifatli ta'lim va sogʻliqni saqlash xizmati, shuningdek, koʻplab madaniy va koʻngilochar tadbirlar tufayli oʻz yetakchiligini saqlab qolmoqda.

Ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni Kopengagen va Syurix egalladi. Eng yaxshi oʻnlikka, shuningdek, Melburn, Kalgari, Jeneva, Sidney, Vankuver, Osaka va Oklend kirdi.

Eng quyi oʻrinlar

Reytingda soʻnggi oʻrinni Suriyaning Damashq shahri egalladi. Bundan tashqari, yashash uchun noqulay shaharlari oʻntaligiga Tripoli, Jazoir, Lagos, Karachi, Dakka, Xarare, Port-Morsbi, Kiev va Karakas kirdi.

Toshkent nechanchi oʻrinda?

Toshkent ham reytingning eng quyi pogʻonalarida qayd etilib, 173 mamlakat ichida taxminan 157-oʻrinni egallagan.

Reytingdagi oʻrinlari oʻzgargan

«Umuman olganda, soʻrovnomamizda keltirilgan 173 ta shahar boʻyicha oʻrtacha ball 100 tadan 76,1 ga koʻtarildi. Yaxshilanish juda kichik boʻlib, geosiyosiy mojarolar, tartibsizliklar va koʻplab shaharlardagi uy-joy inqirozi bunga ta'sir oʻtkazdi. Yaqin Sharqdagi vaziyat Tel-Avivni reytingda keskin pastga tushirdi, Rossiya va Ukraina oʻrtasida davom etayotgan urush esa Kiyevning eng quyi oʻnta shaharlar qatorida saqlab qolinishiga sabab boʻldi. Yevropada qishloq xoʻjaligidan tortib immigratsiya siyosatigacha boʻlgan sabablarga koʻra noroziliklar kuchayishi mintaqadagi shaharlarning barqarorlik koʻrsatkichlariga putur yetkazdi. Shu bilan birga, koʻplab mamlakatlarda yashash xarajatlarining oshishi davom etyapti, uy-joy narxi qimmatlashishi inflyasiyaga ta'sir qiluvchi elementlaridan biri sifatida paydo boʻldi. Vaziyat, ayniqsa, Avstraliya va Kanadada tashvish uygʻotadi. Bu yerda ijaraga olinishi mumkin boʻlgan mulkning mavjudligi eng past darajada boʻlib, foiz stavkalarining oshishiga qaramay, uy sotib olish narxlari oʻsishda davom etyapti, bu esa immigratsiyaga qarshi kayfiyatni yanada kuchaytirdi”, - deyiladi hisobotda.