$
 11789.33
4.03
 13702.74
7.04
 136.48
0.35
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda HUMO barqaror tokenidan to‘lovlarda foydalanish sinovdan o‘tkaziladi

To‘lov

O‘zbekistonda HUMO barqaror tokenidan tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun to‘lov vositasi sifatida foydalanish bo‘yicha pilot loyiha ishga tushirilmoqda. Loyiha Markaziy bank va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi nazoratida amalga oshiriladi.

HUMO tokeni so‘mga bog‘lanadi

Pilot loyiha doirasida 1 HUMO tokenining qiymati 1 so‘mga teng etib belgilanadi. Tokenlarni O‘zbekistonning davlat qimmatli qog‘ozlari bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Sinov davomida HUMO tokenidan O‘zbekiston hududida tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun haq to‘lashda foydalanish imkoniyati tekshiriladi. Shu bilan birga, tokenlarni chiqarish, muomalaga kiritish va muomaladan chiqarish mexanizmlari ham amaliyotda sinovdan o‘tkaziladi.

Bank va blokcheyn tizimlari integratsiya qilinadi

Loyihani amalga oshirish uchun bank, protsessing va blokcheyn tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish ko‘zda tutilgan. Jarayonda “HUMO Digital” MChJ hamda kripto-depozitariy, kripto-birja va kripto-do‘kon faoliyati uchun litsenziyalarga ega “Asterium” AJ ishtirok etadi.

Pilot loyiha maxsus huquqiy rejim — “regulyator qumdoni” doirasida amalga oshiriladi. Mazkur rejim yangi moliyaviy texnologiyalarni cheklangan va nazorat qilinadigan sharoitda amaliyotda sinab ko‘rish imkonini beradi.

Xavfsizlik va moliyaviy xatarlar nazorat qilinadi

Sinov jarayonida HUMO tokenlarining yetarli darajada ta’minlanganligi, operatsiyalarning shaffofligi va kiberxavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va moliyaviy xatarlarni boshqarish bo‘yicha mexanizmlar ham baholanadi.

Markaziy bank pilot loyihaning moliyaviy barqarorlik hamda narxlar barqarorligiga ehtimoliy ta’sirini ham kuzatib boradi.

Pilot loyiha uch yilgacha davom etishi mumkin

Loyihaning dastlabki muddati 12 oy etib belgilangan. Zarurat yuzaga kelgan taqdirda sinov muddati uzaytirilishi mumkin, biroq uning umumiy davomiyligi 3 yildan oshmasligi kerak.

Pilot loyiha yakunida davlat qimmatli qog‘ozlari bilan ta’minlangan raqamli tokendan O‘zbekistonda to‘lov vositasi sifatida foydalanishning imkoniyatlari va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlari baholanadi.

Теги :
Jamiyat