O‘zbekistonda Milliy halollik tizimi joriy etiladi
Milliy halollik tizimi (MHT) uslubiyoti Transparancy International tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, u davlat institutlarining korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha samaradorligi hamda ishonchliligini baholashga qaratilgan.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ham Milliy halollik tizimi joriy etiladi. Bu haqda Transparancy International tashkilotining Milliy halollik tizimi (National integrity system (NIS)) loyihasi taqdimoti va muhokamasiga bag‘ishlangan tadbirda aytib o‘tildi.
Bu qanday uslubiyot?
Milliy halollik tizimi (MHT) uslubiyoti Transparancy International tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, u davlat institutlarining korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha samaradorligi hamda ishonchliligini baholashga qaratilgan.
MHT davlatdagi korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul boshqaruv institutlari, shuningdek, mazkur yo‘nalishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bir nechta sektorlar faoliyatini o‘z ichiga qamrab oladi hamda korrupsiyaning oldini olishga kompleks yondashuvni nazarda tutadi. MHT baholash nafaqat har bir muassasa yoki sektorni chuqur tahlil qiladi, balki ular o‘rtasidagi bog‘liqliklarni ham baholaydi.
Transparancy International 1990-yildan buyon ushbu uslubiyotni 100 dan ortiq mamlakatda joriy etgan.
Kimlar moliyaviy ko‘mak bermoqda?
Tadbirda O‘zbekistonda tatbiq qilish uchun moslashtirilgan MHT bo‘yicha umumiy uslubiyot taqdimot qilindi. Bu Yevropa Ittifoqi va Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish: korrupsiyaning oldini olishda inklyuziv yondashuv” loyihasining 2024-yilga mo‘ljallangan Chora-tadbirlari doirasida Transparancy International tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan. MHT tatbiq etilishiga BMT Taraqqiyot dasturi ekspertlari ham jalb etilgan.
15 ustuvor yo‘nalish
Bugungi kunda uslubiyot 15 ustuvor yo‘nalishni o‘z ichiga olib, xususan, davlat hokimiyati institutlari (qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, sud hokimiyati, saylovni tizimi), huquqni muhofaza qiluvchi organlar qiluvchi organlar va boshqa institutlar (Bosh prokuratura, IIV, DXX, Ombudsman, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar), boshqaruv maydonida faol bo‘lgan asosiy ijtimoiy kuchlar (siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati va biznes vakillari), iqtisodiyotda davlat ishtiroki mavjud korxonalarda ish olib borish ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekistondagi MHTning joriy baholanishida 2022—2024-yillar qamrab olinadi. Bu jarayon 2025-yildan boshlanadi. Yakuniy hisobot esa 150 dan ortiq ko‘rsatkichni o‘z ichiga olgan holda milliy halollik va yaxlitlikni ta’minlash tizimi haqida to‘liq tasavvur beradi.



