TIKA O‘zbekistonga 6 million dollar grant ajratadi
Shuningdek, O’zbekiston tibbiyot sohasida Turkiya kompaniyalari bilan jami 41 million dollarlik kelishuvga erishgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari F.Tashpulatov boshchiligidagi delegatsiyaning yetakchi turk kompaniya va tashkilot rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda mamlakatimiz qator kelishuvlarga erishdi.
TIKAdan 6 million dollarlik grant
Turkiyaning TIKA tashkiloti rahbariyati bilan tashkil etilgan uchrashuvda ushbu agentlik tomonidan yurtimiz tez tibbiy yordam xizmati uchun 100 dona zamonaviy avtomashinalarni xarid qilish bo‘yicha 6 mln. AQSh dollari miqdorida grant ajratish rejalashtirildi.
Toshkent tibbiyot akademiyasi hududida ko‘p tarmoqli zamonaviy klinika barpo etish loyihasi
Xususan, Turkiyaning “Ronesans International” kompaniyasi rahbariyati bilan o‘tgan uchrashuvda Toshkent tibbiyot akademiyasi hududida ko‘p tarmoqli zamonaviy klinika barpo etish loyihasining bugungi holati, erishilgan natijalar va amalga oshirilishi zarur bo‘lgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.
800 o‘rinli ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi
Turkiyaning “Ronesans International” va “Sojitz” kompaniyalari hamkorligida Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida davlat-xususiy sheriklik asosida 800 o‘rinli ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini tashkil etishga kelishib olindi.
“Sancak Ecza Deposu” korxonasining faoliyati
Shuningdek, delegatsiya a’zolari farmatsevtika mahsulotlarini saqlash, ularning ulgurji hamda chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi “Sancak Ecza Deposu” korxonasining Anqara shahridagi filiali faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
30 million dollarlik kelishuv
“Oncosem Onkolojik Sistemler Sanayi ve Ticaret” kompaniyasi bilan esa Samarqand va Buxoro viloyatlarida davlat-xususiy sheriklik asosida onkologik va gemodializ xizmatlarini ko‘rsatish, davolash-sog‘lomlashtirish markazlari uchun namuna bo‘ladigan tibbiyot markazini tashkil etish bo‘yicha qiymati 30 mln. AQSh dollariga teng bo‘lgan muhim kelishuv imzolandi.
“Tek Grup” kompaniyasidan investitsiya
Yana bir muhim kelishuv “Tek Grup” kompaniyasi bilan imzolandi. Tashkilot vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda dastlab 5 mln. AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish orqali O‘zbekistonda dori vositalarini mahalliy zavodlarda In Bulk asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.



