$
 11789.33
4.03
 13702.74
7.04
 136.48
0.35
weather
+26
Кечаси   +14°

2 million va 0,5 ball: Tez yordamga yoʻl bermaganlik uchun jarimalar kam emasmi?

tez yordam

Ijtimoiy tarmoqlarda tez tibbiy yordam va maxsus xizmat mashinalariga yo‘l bermagan haydovchilar aks etgan videolar tez-tez tarqalmoqda. Videolarda sirenasi va mayoqchalari yoqilgan tez yordam mashinasi tirbandlikda qolib ketgani, ayrim haydovchilar esa unga yo‘l bermayotgani ko‘rinadi.

Yaqinda Samarqandda ham shunday holat qayd etildi. Tez yordamga yo‘l bermagan “Mercedes-Benz” haydovchisiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-5-moddasi asosida bayonnoma rasmiylashtirildi. Amaldagi tartibga ko‘ra, mayoqcha va sirenasini yoqqan holda yaqinlashayotgan tezkor va maxsus xizmat transport vositalarining to‘siqsiz o‘tishiga xalaqit berish BHMning 5 baravari — 2 mln 60 ming so‘m jarima va 0,5 jarima baliga sabab bo‘ladi.

Masala shundaki, bu qoidabuzarlikning oqibati oddiy YHQ buzilishlaridan farq qilishi mumkin. Tez yordam yo‘l bermayotgan haydovchi sabab bir necha daqiqa kechikishi mumkin. Favqulodda tibbiy vaziyatlarda esa vaqt bemorning ahvoliga bevosita ta’sir qilishi ehtimoli bor. O‘t o‘chiruvchi yoki boshqa maxsus xizmat mashinalari uchun ham kechikish favqulodda vaziyat oqibatlarini og‘irlashtirishi mumkin.

Shu nuqtayi nazardan, 0,5 jarima bali va 2 mln so‘mlik jarima haydovchini bunday qoidabuzarlikni takrorlamaslikka yetarlicha undaydimi, degan savol paydo bo‘ladi.

Muammoning yana bir jihati — bunday holatlar aksariyat hollarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar orqali jamoatchilik e’tiboriga chiqadi. Foydalanuvchilar haydovchini keskin tanqid qiladi, jazolashni talab qiladi. Ammo ommaviy tanqid alohida holatga munosabat bildirishdan nariga o‘tmaydi. Tizimli ta’sir uchun qoidabuzarlikning o‘zi va uning oqibatiga mos javobgarlik mexanizmi bo‘lishi kerak.

Javobgarlikni kuchaytirish taklif qilinmoqda

Shu sabab tezkor va maxsus xizmat transportiga yo‘l bermaslik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha bir nechta taklif ilgari surilmoqda.

Birinchi taklif — jarimani dastlabki holatdayoq kamida 15 BHMgacha oshirish. Qoidabuzarlik bir yil ichida takrorlangan taqdirda esa haydovchilik huquqidan mahrum qilish chorasi qo‘llanishi taklif etilmoqda.

Ikkinchi taklif — jarima balini 0,5 balldan kamida 1,5 ballgacha oshirish. Bunda qoidabuzarlik haydovchining umumiy jarima ballari tizimida sezilarliroq aks etishi ko‘zda tutiladi.

Uchinchi taklif — 50 foizlik jarima chegirmasini ushbu qoidabuzarlik uchun qo‘llamaslik. Ya’ni tezkor xizmat mashinasining harakatiga xalaqit berish boshqa ma’muriy qoidabuzarliklardan alohida baholanishi kerakligi ta’kidlanmoqda.

Bu takliflarning mohiyati jarimani shunchaki oshirishda emas. Asosiy masala — haydovchi uchun tez yordamga yo‘l bermaslikning oqibati va javobgarligi aniq bo‘lishida.

Chunki tez yordamning yo‘ldagi ustuvorligi qulaylik emas, favqulodda vaziyatda vaqtni tejash uchun zarur shart. Shu sabab bunday qoidabuzarlikka nisbatan jazo ham uning ehtimoliy oqibatlarini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqilishi masalasi kun tartibida qolmoqda.

Теги :
Jamiyat