$
 12228.58
20.5
 14282.98
166.78
 155.96
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Maishiy texnika importi keskin qisqardi

Bojxona qoʻmitasi Oʻzbekistonga eng koʻp import boʻlayotgan tovarlarga oid ma’lumotlar bazasini ishga tushirdi.

2024-yilning yanvar-iyul oylarida Oʻzbekistonga konditsioner importi 51 foizga, sovitkich va muzlatkichlar importi 35 foizga, mikrotoʻlqinli pech importi 13 foizga, dazmol importi 46 foizga, televizor importi 43 foizga qisqarib ketdi. 1-fevraldan boshlab maishiy texnika mahsulotlari importi qiyinlashtirilgan edi.

556,8 mln. dollarlik elektrotexnika mahsulotlari

Ma’lum boʻlishicha, 2024-yilning yanvar-iyul oylarida 556,8 mln. dollarlik elektrotexnika mahsulotlari import qilingan. Bu guruhdagi tovarlar importi oʻtgan yilga nisbatan 1,7 foizga qisqargan.

Xususan, oʻtgan yilning dastlabki 7 oyida 43,8 mln. dollarlik 281 ming 193 dona konditsioner olib kirilgan boʻlsa, joriy yilning shu davrida bu koʻrsatkich qiymat jihatdan 14,8 mln. dollarga, miqdor jihatdan 137 ming 297 donagacha kamaygan. Miqdoriy qisqarish 51,2 foizni tashkil qilgan.

Sovitkich va muzlatkichlar importi esa 35,4 foizga: 185 ming 426 donadan 119 ming 805 donagacha qisqargan.

Dazmol importi 45,8 foizga, mikrotoʻlqinli pech esa 13 foizga kamaygan

Yanvar-iyul oylarida Oʻzbekistonga 128 ming 690 dona mikrotoʻlqinli pech import qilingan boʻlib, bu – oʻtgan yilning mos davri (147 ming 821 dona)ga nisbatan 19 ming 131 donaga kam. Qisqarish – 13 foiz.

Shuningdek, bu davrda dazmol importi 45,8 foizga (597 ming 387 donadan 323 ming 440 donaga), televizor importi 43,3 foizga (153 ming 125 donadan 86 ming 771 donaga) kamaygan.

Ayni paytda, kir yuvish mashinalari importi 16,5 foizga (159 ming 626 donadan 186 ming 64 donagacha), elektr suv isitkichlari olib kirish esa 2,2 foizga (87 ming 234 donadan 89 ming 160 donacha) oshgan.

2024-yilning yanvar-iyul oylarida Oʻzbekistonga 127,7 mln. dollarlik maishiy texnika mahsulotlari import qilingan. Bu oʻtgan yilning mos davrida 176,3 mln. dollarni tashkil etgan. Kamayish – 27,5 foiz.

Import qisqarishiga sabab nima?

2024-yil 1-fevraldan boshlab Oʻzbekistonga 13 turdagi maishiy texnika olib kirishda ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlari boʻlish talabi qoʻyilgandi. Roʻyxatga quyidagilarga kiritilgan:

alyumin radiator;

suv isitish qozoni;

suv isitkich;

bugʻ qozoni;

changyutgich;

kir yuvish mashinasi;

sovitkich, muzlatkich;

televizor, monitor;

maishiy gaz pechi;

duxovka, pechka;

mikrotoʻlqinli pech,

dazmol;

suv qaynatgich;

kondisioner;

suv nasosi.

Shu bilan birga, fevral oyidan boshlab Oʻzbekistonga olib kiriladigan sovitkich, muzlatkich va konditsionerlar energosamaradorlik boʻyicha sinovdan oʻtkazila boshlandi. Bu sinov bayonnomasini olmasdan turib, ularga muvofiqlik sertifikati berilmaydi va tovarni Oʻzbekistonda sotish mumkin boʻlmaydi.

Eslatib oʻtamiz, 2019-yildan buyon bir qator elektrotexnika mahsulotlari uchun bojlar oʻrnatilgan. Boj miqdori, masalan, konditsionerlar uchun 30 foizni tashkil etadi.