Rossiyada terroristik tashkilotlar markaziy osiyolik migrantlarni jalb qilishni kuchaytirgan – FXX
Rossiya hukumati vakillarining aytishicha, Gʻarb maxsus xizmatlari mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirish, noroziliklar va etnik mojarolarni keltirib chiqarish maqsadida migratsiyadan foydalanmoqda.
1 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro terroristik tashkilotlar Rossiya hududida yacheykalar tashkil etish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan muhojirlarni jalb qilish boʻyicha faoliyatini kuchaytirdi, deb yozmoqda RTVI Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikovga tayanib.
Norozilik namoyishlari va ommaviy tartibsizliklarni qoʻzgʻatish
U terrorchilar qamoqxonalardagi mahkumlarni ham oʻz faoliyatlariga jalb qilayotganini taʼkidladi.
Uning soʻzlariga koʻra, Gʻarb maxsus xizmatlari etnik-diniy xususiyatlarga ega hududlarda norozilik namoyishlari va ommaviy tartibsizliklarni qoʻzgʻatish orqali keskinlik oʻchoqlarini yaratishga intilmoqda, bu esa terroristik hujumlarga olib kelishi mumkin.
Migrantlarga Rossiyaga kirish noqonuniy kanallar yaratilmoqda
Davlat dumasi deputati Andrey Lugovoy migratsiya beqarorlashtirish vositasi sifatida qoʻllanilayotganini taʼkidladi. Unga ko‘ra, migrantlarga Rossiyaga kirish uchun koʻmak berilmoqda, noqonuniy kanallar yaratilmoqda va radikallar jamiyatga singdirilmoqda. Lugovoyning maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaga qarshi qaratilgan migratsiya loyihalari uchun 225 million rubldan ortiq mablagʻ ajratgan.
Terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashga tayyorgarlikni kuchaytirish kerak
Ushbu tahdidlar fonida “Завтра” gazetasi bosh muharriri Aleksandr Proxanov Markaziy Osiyo, Kavkaz davlatlari va KXSHT Suriyadagi va Tojikistonning Afgʻoniston bilan chegarasidagi beqarorlikni hisobga olgan holda terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashga tayyorgarlikni kuchaytirishi zarurligini taʼkidladi.



