$
 12815.13
12.07
 13898.01
-4.83
 133.20
1.36
weather
+26
Кечаси   +14°

Zamonaviy dizayn, bepul Wi-Fi, imkoniyati cheklanganlar uchun qulayliklar: Poytaxtda tadbirkorlar o‘rnatadigan bekatlar qanday talablarga javob berishi lozim?

bekat

Hozirgi kunda poytaxtda avtobus bekatlarining holati zamonaviy talablarga mos emasligi dolzarb muammo. Ularni yangilash va ko‘paytirish orqali aholiga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent shahar hokimligi tadbirkorlarni hamkorlikka taklif etmoqda. Avvalroq xabar berganimizdek, loyiha nafaqat qulay jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish, balki shahar muhitini yaxshilash hamda iqtisodiy samaradorlikni oshirish imkonini beradi.

Bekat majmualariga qo‘yiladigan talablar

Tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilishi rejalashtirilgan bekat majmualari quyidagi zamonaviy talablarga javob berishi lozim:

    1. Zamonaviy dizayn va qulaylik: Bekatlar yo‘lovchilarga qulay bo‘lishi kerak, ular zamonaviy, estetik jihatdan jozibador va funksional dizaynga ega bo‘lishi lozim.

   2. Xavfsizlik: Yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash uchun bekatlar kuzatuv kameralariga ega bo‘lishi, shuningdek, tezkor chaqiruv tugmasi o‘rnatilishi talab etiladi. Bu bekatlarda xavfsizlik darajasini oshiradi va favqulodda vaziyatlarda yordamga chaqirish imkonini yaratadi.

   3. Texnologik jihozlar: Bekatlar quvvat oldirish moslamalari (USB portlar yoki simsiz quvvatlash imkoniyatlari), shuningdek, bepul Wi-Fi bilan ta’minlanishi lozim. Bu yo‘lovchilarga kutish vaqtida mobil qurilmalaridan foydalanishda qo‘shimcha qulaylik yaratadi.

    4. Imkoniyati cheklanganlar uchun qulayliklar: Bekatlarda avtobusga chiqish va undan tushish uchun qulay balandlikka ega bo‘lgan platformalar, shuningdek, ko‘zi ojiz yo‘lovchilar uchun taktil plitkalar bo‘lishi zarur. Bu elementlar imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ham qulay sharoit yaratadi.

Ijara huquqi uchun ochiq tender bo‘lib o‘tadi

Tadbirkorlar bunday bekat majmualarini o‘rnatish va ularga xizmat ko‘rsatish maqsadida uzoq muddatli ijara huquqi uchun e-auksion platformasi orqali ochiq savdolarda ishtirok etishlari mumkin. Bunda tadbirkor bilan hamkorlikda bekat majmualarini rivojlantirish bo‘yicha yagona konsepsiya ishlab chiqiladi. Bu qulay shahar muhitini yaratishga hissa qo‘shish uchun ajoyib imkoniyatdir.

Qayerga murojaat qilish kerak?

Shu tariqa, bekat majmualari nafaqat jamoat transportini kutish joyiga, balki jamiyatga qo‘shimcha daromad va manfaat keltiradigan samarali reklama maydoniga aylanadi. Bekatlarning yon devorlariga “rol ap” turidagi reklama materiallarini, orqa devorlarida reklama panolarini joylashtirish xizmatini tashkil qilish va daromadni yanada oshirish mumkin.

Ma’lumot uchun, bekat majmualarida savdo faoliyatini yuritish, ya’ni do‘konlar tashkil etish huquqi berilmaydi.

Loyihada ishtirok etmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar o‘z murojaatlarini e-auksion.uz savdo platformasi, toshkentinvest.uz veb sayti yoki hokimlik Telegram boti — @poytaxtuz_bot orqali yo‘llashlari mumkin.