Oʻzbekistonning xalqaro toʻqimachilik bozoridagi oʻrni va ahamiyati ortib bormoqda
Bu haqda “Masche” jurnalida nashr etilgan maqolada so‘z boradi.
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya toʻqimachilik sanoati ishlab chiqaruvchilarining General Assotsiatsiyasi tomonidan nashr etiladigan “Masche” jurnalida Samarqandda oʻtkazilgan konferensiyaga bagʻishlangan maqola chop etildi. Bu tadbir Xalqaro toʻqimachilik ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi (ITMF) va Xalqaro kiyim-kechak federasiyasi (IAF) tomonidan tashkil etildi, deya xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi.
O‘zbekiston sanoat uchun muhim boʻlgan tadbirni qabul qildi
Maqola muallifi, konferensiyada ishtirok etgan nemis jurnalisti Aleksa Bitser, ushbu nufuzli tadbirning dunyo toʻqimachilik sanoatining ikki eng yirik tashkiloti tomonidan birgalikda oʻtkazilganini ta’kidladi. U yozishicha, Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, Oʻzbekiston bu sanoat uchun muhim boʻlgan tadbirni ilk bor qabul qildi.
“Bu 120 yillik konferensiyaning Oʻzbekistonda oʻtkazilishi mamlakatning xalqaro toʻqimachilik bozoridagi oʻrni va ahamiyati ortib borayotganidan dalolat beradi”, – deya ta’kidlaydi muallif.
500 dan ortiq yetakchi toʻqimachilik kompaniyalari ishtirok etgan tadbir
Ma’lumotlarga koʻra, tadbirda Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikadan kelgan 500 dan ortiq yetakchi toʻqimachilik kompaniyalari vakillari ishtirok etgan. Tadbir davomida sun’iy intellekt, raqamlashtirish, barqaror rivojlanish, mahsulotni qayta ishlash va ta’minot zanjirlarini optimallashtirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilingan. Bu mavzular nafaqat bugungi talablarni qondirish, balki sohaning kelgusi rivojlanish yoʻnalishlarini belgilash uchun ham muhim boʻlib qoldi.
“2017-yildan buyon Oʻzbekistonda toʻqimachilik sanoatida amalga oshirilayotgan chuqur islohotlar natijasida mehnat sharoitlari va atrof-muhitni muhofaza qilish koʻrsatkichlari jahon standartlariga muvofiq keltirildi. Xususan, 2017-yildan boshlab mamlakat ishchi kuchi va mehnat huquqlarini yaxshilash, bolalar mehnatiga barham berish va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida qat’iy choralar koʻrdi. Natijada Xalqaro mehnat tashkiloti 2021-yilda Oʻzbekistonda bolalar va majburiy mehnatning toʻliq tugatilganini e’lon qildi, 2022-yilda esa “Cotton Campaign” tashkiloti tomonidan oʻzbek paxtasiga qoʻyilgan boykot rasman bekor qilindi”, - deb xulosa qiladi muallif.



