O‘zbekistonda suv xo‘jaligini raqamlashtirish orqali o‘tgan yilda 530 million kub metr suv tejalgan
Iqlim o‘zgarishi va muzliklarning erishi natijasida kelgusi yillarda O‘zbekistonning ikki yirik suv manbai – Amudaryo va Sirdaryo oqimlari 10-15 foizga kamayishi xavfi mavjud.
2 daqiqa o‘qiladi

Iqlim o‘zgarishi, muzliklarning erishi bilan bog‘liq oxirgi 20-30-yilda kuzatilayotgan tendensiya davom etadigan bo‘lsa, O‘zbekistonning asosiy suv ta’minoti hisoblangan ikki yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryo oqimi yaqin yillarda hozirgidan 10-15 foizga qisqarishi mumkin. Qozog‘istonning “Infozakon” nashrida e’lon qilingan maqolaga ko‘ra, bu vaziyatda O‘zbekistonda suv resurslarini oqilona boshqarish va suvni tejash choralari yanada kuchaytirilmoqda.
Mamlakatda suvni tejash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Shu bois O‘zbekistonda suv resurslaridan oqilona foydalanish, sohani boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, suv xo‘jaligi obyektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020—2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida bu borada vazifalar belgilab berilgan, deb ta’kidlangan nashrda.
Qayd etilishicha, ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida so‘nggi yillarda respublikadagi suv xo‘jaligi obyektlarida 11 446 ta “Aqlli suv”qurilmasi o‘rnatildi. Bu qurilma orqali suvning hisobi onlayn rejimda monitoring qilinib, aniq hisob yuritish, foydalanish va operativ boshqarish imkoniyati kengayib bormoqda.
Raqamlashtirish orqali o‘tgan yillarda yuzlab million kub metr suv iqtisod qilingan
Manbada, shuningdek, Avstraliyaning "Rubicon Water" kompaniyasi texnologiyalari asosida Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanidagi "Mirishkor-Qamashi" kanallarida 26 ta zamonaviy suv zatvorlari o‘rnatilgani, gidrotexnik inshootlarning boshqaruv jarayonlari to‘liq avtomatlashtirilgani ma’lum qilingan.
“Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, suv xo‘jaligi obyektlarida raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali suv nazorati va hisob-kitobi onlayn yuritilib, suvni tezkor boshqarish orqali 2021-yilda 350 million kub metr, 2022-yilda 410 million kub metr va 2023-yilda 530 million kub metr miqdorida suv resurslari iqtisod qilindi", – deb xabar qilgan "Infozakon" elektron nashri.



