$
 12803.06
26.0
 13902.84
-17.77
 131.84
0.4
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda ilk bor “Yil ayoli” milliy tanlovi o‘tkaziladi

xotin-qizlar

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ma’lum qildi. Uning aytishicha, keyingi yillarda mamlakat hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlar faolligini oshirish, ularning intellektual, ma’naviy va kasbiy yuksalishi, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida keng qamrovli davlat siyosati amalga oshirilmoqda.

Tanlovdan maqsad nima?

Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxona, tashkilot, muassasalarda mehnat qilayotgan xotin-qizlar hamda uy bekalari uchun “Yil ayoli” milliy tanlovini e’lon qiladi.

Tanlov orqali mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga o‘zining ulkan hissasini qo‘shib kelayotgan, yuksak ma’naviyatli, oilada va farzand tarbiyasida ibrat, o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan soha nufuzini oshirishda faol ishtirok etayotgan turli soha egalari bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.

Tanlov 3 bosqichda o‘tkaziladi:

1-bosqich – tuman va shaharlarda 20 oktyabrdan - 30 oktyabrgacha;

2-bosqich (hududiy bosqich) – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 5-noyabrdan -20 noyabrgacha;

3-respublika bosqichi dekabr oyining oxirgi 10 kunligida tantanali tarzda o‘tkaziladi.

Kimlar ishtirok eta oladi?

Tanlovda 35 yoshdan yuqori bo‘lgan, o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilot nufuzini oshirishda faol ishtirok etayotgan hamda yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat bilan kamida 5 yil mobaynida uzluksiz shug‘ullanib kelayotgan xotin-qizlar hamda uy bekalari ishtirok etishlari mumkin.

1, 2 va 3-o‘rin sovrindorlari hamda “Yilning eng vatanparvar ayoli”, “Yilning eng yaxshi uy bekasi” kabi 11 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi.

Sovrindorlarga nimalar beriladi?

Tanlovning Respublika bosqichida oliy o‘rin — Gran prini qo‘lga kiritgan ishtirokchi oliy darajadagi diplom, statuetka va Prezident sovg‘asi - avtomobil bilan;

1-o‘rinni olgan ishtirokchi I darajali diplom va BHMning 50 baravari miqdorida pul mukofoti bilan;

2-o‘rinni olgan ishtirokchi II darajali diplom va BHMning 40 baravari miqdorida pul mukofoti bilan;

3-o‘rinni olgan ishtirokchi III darajali diplom va BHMning 30 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Kimga murojaat qilish kerak?

“Yil ayoli” milliy tanlovi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarni Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy manbalari, 71 202-10-67 telefoni, shuningdek, Qo‘mitaning hududiy boshqarmalariga murojaat etish yoki ularning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali olish mumkin.