Juft tanlash bo‘yicha tadqiqot: Kishilar o‘z juftlarini qanday tanlashgan?
Oila a’zolari va do‘stlar orqali topishishdan tortib, raqamli muhabbatgacha – yillar davomida juftliklarning tanishish usullari texnologik va ijtimoiy taraqqiyotga hamohang tarzda o‘zgarib bordi. Quyida bu jarayonning salkam bir asrlik evolyutsiyasi bilan batafsil tanishishingiz mumkin.
3 daqiqa o‘qiladi

Siz juftingizni qanday uchratgansiz? Ijtimoiy tarafdan qaralsa, juftliklarning tanishuv “manzili” dekadalar davomida sezilarli darajada o‘zgargan. Bir zamonlar ota-onalar uchun farzandlarining internetda juft topib, munosabat qurishi fojiadek tuyulgan bo‘lsa, 2010-yillardan keyin bu normal hodisaga aylanib qoldi. Ijtimoiy omillar, texnologik rivojlanish va madaniy o‘zgarishlar jarayonning evolyutsiyasiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Tinib-tinchimas tadiqoqtchilar o‘tgan asrning 30-yillaridan 2024-yilga qadar juftliklarning tanishuv manbasi qanday o‘zgarganini tahlil qilib chiqishdi.
1930-1960 yillar: An’anaviy tanishuv davri
Videografikaga ko‘ra, 1930-yillarda ko‘pchilik juftliklar oilalari yoki yaqinlari orqali tanishishgan. Oila a’zolari orqali tanishish jamiyatda keng tarqalgan edi. Bu davrda ko‘pincha diniy va ijtimoiy tadbirlar, masalan, cherkovda yoki mahalliy yig‘inlarda juftliklar uchrashishgan. O‘sha davrda yaqin munosabatlarda bo‘lganlar asosan bir-biriga yaqin jamiyat va ijtimoiy doiralarda yashashgan.
1940-1980 yillar: Do‘stlar va ish joylari
Ikkinchi Jahon Urushidan so‘ng ayollar ishchi kuchi tarkibiga ko‘proq qo‘shila boshlagan va bu ish joylarida tanishish imkoniyatini kengaytirgan. Ish joyidagi romantik munosabatlar ommalashgan, shuningdek, do‘stlar va tanishlar orqali tanishish ham keng tarqalgan . Bu davrga kelib, avvalgilaridan farqli ravishda, odamlar o‘z tanlovlari ustidan ko‘proq mustaqillikka ega bo‘lishgan.
1990-2019- yillar: Raqamli inqilob va onlayn tanishuvlar
1990-yillarda internetning rivojlanishi bilan juftliklar tanishuvida katta burilish yuz berdi. Onlayn tanishuv saytlarining paydo bo‘lishi, masalan, Match.com, va mobil ilovalarning, xususan, Tinder va Bumble kabi platformalarning rivojlanishi natijasida odamlar butunlay yangi usulda tanishishni boshladilar. Ushbu platformalar insonlarga o‘z hududlaridan tashqaridagi odamlar bilan ham aloqa o‘rnatish imkoniyatini berdi. 2019-yilga kelib, juftliklarning taxminan 40 foizi internet orqali tanishgan .
Karantin vaqtida yuzma-yuz uchrashuvlar cheklanishi ortidan internetda tanishuv o‘z cho‘qqisiga yetdi
CoVID-19 pandemiyasi davrida onlayn tanishuvlar yanada kuchaydi, chunki jismoniy uchrashuvlar cheklangan edi. Ushbu tendensiya butun dunyo bo‘ylab, ayniqsa, urbanizatsiya kuchaygan shaharlarda kuchaydi .
Pandemiya tufayli odamlar yuzma-yuz uchrashishdan voz kechishga majbur bo‘ldi, ammo munosabatlarga ehtiyoj doimiy mavjud bo‘lgani sababli, raqamli tanishuv platformalariga qiziqish kuchaydi. Masalan, Tinder va Bumble kabi ilovalarning faol foydalanuvchilari soni pandemiya davrida keskin o‘sdi. Pew Research Center tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, pandemiya davrida onlayn tanishuv ilovalari orqali tanishuvchilar soni sezilarli darajada ortdi, va ular o‘zlarini ilgari hech qachon foydalanmagan yangi foydalanuvchilar bilan boyitdi.
Bundan tashqari, bu davrda texnologik rivojlanish va videochat platformalari ham katta ahamiyat kasb etdi. Odamlar uchun Zoom va Google Meet kabi ilovalar orqali birinchi uchrashuvlar yoki muloqotlar o‘tkazish odatiy holga aylandi. Shu tariqa, onlayn tanishuvlar pandemiya davrida nafaqat juftliklarni birlashtirdi, balki yangi madaniy odatlar va usullarni ham shakllantirdi.
So‘nggi 4 yillik: internet tanishuvlar uchun hamon eng asosiy platforma bo‘lib qolmoqda
So‘nggi yillarda internet orqali tanishish yanada kengaydi. 2020-yilda juftliklarning 55,7% onlayn platformalar orqali tanishgan, bu esa boshqa barcha usullarni ortda qoldirdi. Do‘stlar orqali tanishuv hali ham an’anaviy usul sifatida samarali qo‘llanib kelinmoqda. Aytish mumkinki, bu usul insonlar o‘rtasidagi ishonchli tanishuvlarni ta’minlashda yordam beradi. Ish joylari ham juftliklar uchun muloqot va o‘zaro tanishish maydoni sifatida o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan .
Sotsiologlar nima deydi?
Sotsiologlarning fikriga ko‘ra, tanishish usullaridagi bu o‘zgarishlar insonlarning o‘z hayotlari ustidan ko‘proq nazoratga ega bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Masalan, Stanford universiteti sotsiologi Maykl Rozenfeldning tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, onlayn platformalar insonlarga ko‘proq tanlov imkoniyatini berib, juftliklar o‘zlariga mos keladigan insonlarni osongina topishlariga yordam bermoqda . Biroq bu jarayonda asosiy narsalar – yaqinlik, ochiq muloqot va oila bilan kengashish – hamon hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Kelajakda ham tanishuvlar usullari o‘zgarishi kutilmoqda, ammo ishonch bilan ayta olamizki, muhabbat va hissiy yaqinlikka intilish doimo o‘zgarishsiz qoladi.



