JSST: Har yili tamaki ta’siridan 8 milliondan ortiq odam halok bo‘lmoqda
Undan 1,3 millionni ikkilamchi tamaki tutunidan nafas olganlardir.
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tamakining ta’sirida halok bo‘lganlar haqidagi raqamlarni taqdim etdi.
Halok bo‘lganlarning 1,3 millioni chekuvchilar emas
Unga ko'ra, har yili dunyoda 8 milliondan ortiq inson tamaki ta’sirida vafot etmoqda. Shundan 7 milliondan ko‘prog‘i bevosita chekuvchilar bo‘lsa, taxminan 1,3 mln. kishi ikkilamchi tamaki tutunidan nafas olish oqibatida olamdan o‘tmoqda.
Tamakining tarkibi
Tamaki mahsulotlari, jumladan, chilim (kalyan) tarkibida 7 ming xildan ziyod kimyoviy moddalar bo‘lib, ulardan kamida 250 tasi zaharli yoki katserogen (saraton chaqiruvchi) xususiyatga ega.
Uning oqibatlari
Tamaki chekish inson tanasining deyarli barcha a’zolariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi: infarkt, insult, saraton (og‘iz bo‘shlig‘i, tomoq, o‘pka), astma, tuberkulyoz, II toifali diabet, aqliy zaiflik va boshqa kasalliklarga olib keladi.
Chekuvchilarning 80 foizi kambag‘al mamlakatlar aholisi
Chekuvchilarning 80 foizi kambag‘al davlatlarda yashovchilar bo‘lib, ularda tamaki chekish oqibatida kelib chiquvchi kasalliklar nisbatan og‘ir kechadi.
2024-yilning yanvar holatiga ko‘ra, jahonda tamaki chekuvchi katta yoshlilar soni 1,25 mlrdga yetgan, deyiladi JSST ma’lumotida.
Kashandalarning hududiy taqsimoti
Eng ko‘p kashandalar Janubi-Sharqiy Osiyoda yashaydi (26,5 foiz). G‘arbiy Tinch okeani mintaqasidagi chekuvchilarning 79 foizi Xitoyga to‘g‘ri keladi. Yevropada tamaki chekuvchilarning ulushi — 25,3 foiz. Chekuvchilar ulushi eng past mintaqa — Afrika, 2000-yilda — 18 foiz, 2022-yilda — 10 foiz.



